O‘zbekiston | 20:27 / 01.02.2023
41964
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Andijonda tajriba tariqasida qurilgan yig‘ma uylardan birini kirib ko‘rdi

Andijonda aholi zich joylashgan, uy-joyga talab katta. Mamadaliyevlar uyida ham besh oila yashayotgandi. Shu sabab xonadon hovlisida tajriba tariqasida yig‘ma uylar qurilgan. Ma’lum qilinishicha, bunday uylar kamxarj, issiq-sovuq va yong‘inga chidamli, qurish ham oson. Shavkat Mirziyoyev bunday uylarni ko‘paytirish kerakligini aytdi.

Xonadon egalari / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanidagi Sadda tagi mahallasida bo‘lib, aholi turmushi bilan tanishdi.

Bu mahallada 3 600 nafardan ortiq aholi yashaydi. Oilalar yerdan unumli foydalanadi. Keyingi yillarda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida parrandachilik, uzumchilik, issiqxonalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, mahalla hududida to‘qimachilik korxonasi, oziq-ovqat do‘konlari va ustaxonalar bor.

O‘tgan yili mahalla binosi yangidan qurilib, ko‘chalar ta’mirlandi, ishkomlar barpo etildi. Mahallada ishsizlik kam, o‘tgan yili birorta ham jinoyat bo‘lmagan.

Davlat rahbari shu yerlik Diyor Mamadaliyev xonadonida mehmon bo‘ldi.

Ma’lumki, Andijon viloyatida aholi zich joylashgan. Uy-joyga talab katta. Jumladan, Mamadaliyevlar uyida ham besh oila yashayotgandi. Shu bois xonadon hovlisida tajriba tariqasida yig‘ma uylar qurildi. Ular kamxarj, issiq-sovuq va yong‘inga chidamli, qurish ham oson.

Prezident mezbonlarni yangi uylar bilan muborakbod etdi. Binoning loyihasi, qurilish materiallariga e’tibor qaratdi.

“Uy insonning eng asosiy ehtiyojlaridan biri. Ham davlat, ham tadbirkorlar tomonidan ko‘plab turar joylar qurilayotgani xalqimiz manfaatini ta’minlayapti. Tanlov imkoniyatini kengaytirish uchun, ehtiyojmandlar uchun bunday arzon uylar ham kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday uylarni ko‘paytirish, ular uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid