12:54 / 02.02.2023
9533

Jozep Borrel Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berilishi mumkinligini ma’lum qildi

Kiyevga tanklar yetkazib berish ham dastlab munozarali masala edi, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Kiyevda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi va Ukraina sammiti arafasida.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel bir qator G‘arb davlatlari, jumladan, Germaniya va AQShning hozirgi pozitsiyasiga qaramay, Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish hali ham amalga oshirilishi mumkinligini istisno etmadi. Diplomatning 1 fevral, chorshanba kuni Kiyevda 3 fevralga rejalashtirilgan Yevropa Ittifoqi-Ukraina sammiti arafasida aytganidek, jangovar tanklar yetkazib berish ham avvaliga munozarali masala bo‘lgan, biroq yakunda konsensusga erishildi.

Shu bilan birga, Borrel Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning kuchayishi ehtimolidan qo‘rqish o‘tmishda Kiyevga G‘arb qurollarini yetkazib berishning har bir yangi bosqichidan oldin bildirilganini eslatdi. Uning o‘zi qiruvchi samolyotlarni yetkazib berishni ma’qullaydimi, degan savolga diplomat javob bermadi. «Mening vazifam - konsensusga erishish», - deya Borrelning so‘zlarini keltirgan dpa. Shu bilan birga, u bunday vaziyatda aralashmaslik uchun ochiqchasiga u yoki bu pozitsiyani egallamaslik kerakligini tushuntirdi.

Bir qator yevropalik siyosatchilar, birinchi navbatda, Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Ukrainani G‘arb jangovar samolyotlari bilan ta’minlash tarafdori ekanini ochiqchasiga aytdi. Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSh prezidenti Jo Bayden ehtiyotkorroq pozitsiyani egallab, bunday ta’minot g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamadi.

Germaniyada, birinchi navbatda, So‘l partiya siyosatchilari Ukrainaga tanklar va potensial jangovar samolyotlar yetkazib berishning salbiy oqibatlari haqida ogohlantirmoqda. Bundestag deputati Sara Vagenknext 25 yanvar kuni Phoenixtelekanaliga bergan intervyusida: «Men buni o‘ta xavfli deb hisoblayman va bunday qarorlar urushning yanada kuchayishiga olib kelishidan qo‘rqaman», dedi.

Ayni paytda, 1 fevral kuni Germaniyaning RTL va ntv telekanallari Forsa sotsiologik instituti topshirig‘i bilan o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, nemislarning 72 foizi Rossiya boshlagan urush Ukraina hududidan tashqariga ham tarqalishi mumkinligidan xavotirda.

Aksariyat respondentlar urush tufayli Germaniyadagi iqtisodiy ahvol (62 foiz) yoki o‘z oilalarining moliyaviy ahvoli (40 foiz) yomonlashishidan qo‘rqishadi. So‘rov ishtirokchilarining 34 foizi Germaniya ham Rossiya tomonidan bosib olinishi mumkinligidan xavotirda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top