12:10 / 02.02.2023
19374
Reklama

“O‘zbekneftgaz” AJ AYoQShlardagi uzun navbatlar sabablariga izoh berdi

Respublika hududida 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida ob-havo harorati keskin sovib ketishi hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar joriy etilgani sababli aholining AI-80 rusumli avtobenziniga bo‘lgan talabi taklifga nisbatan keskin oshishiga olib keldi. Bugungi kunda AI-80 rusumli avtobenzinga bo‘lgan talab kunlik 8 ming tonnaga yetmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bunday holatda, ba’zi xususiy AYoQShlar tomonidan avtobenzinni noqonuniy realizatsiya qilish, shoxobchalarda narxlarni sun’iy oshirish, sifatsiz benzin yonilg‘isini sotish kabi holatlar sodir etilmoqda. Xususan, birja savdolari orqali sotib olingan va belgilangan tartibda yetkazib berilgan AI-80 rusumli avtobenzinni AYoQShlarda sotmaslik yoki AI-92 ko‘rinishida sotish holatlari uchramoqda.

Bu o‘z navbatida, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “UNG Petro” MChJ avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga yuklamaning oshishiga olib kelmoqda.

Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida mavjud kolonkalar (odatda 2-4 ta) yoqilg‘i quyish bo‘yicha maksimal quvvatlarda ishlatilayotgani va ushbu quvvatlar mavjud oqimni bir vaqtda ta’minlash imkonini ta’minlamayotganligi oqibatida shoxobchalarda AI-80 markali benzin mahsulotining realizatsiya qilinishida sezilarli navbatlar yuzaga kelmoqda. 

Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarning oldini olish maqsadida, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zneftgazinspeksiya”) tomonidan huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda ishchi shtab tashkil etilgan va nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Respublika iste’molchilarini uzluksiz va bir maromda avtobenzin bilan ta’minlash, narxlarni keskin o‘sishining oldini olish, bozorda talab va taklif muvozanatini ta’minlash hamda ichki bozorda tanqislikning vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, ishlab chiqarish hajmlari oshirilib, kunlik o‘rtacha 4,6 ming tonna AI-80 rusumli avtobenzin ishlab chiqarilmoqda. Shundan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 3,1 ming tonna va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 1,5 ming tonna.

Joriy yilning yanvar oyida birja savdolariga jami 136,5 ming tonna (o‘rtacha birja kunida 6 203 tonna) AI-80 rusumidagi avtobenzin sotish uchun joylashtirilib, AYoQShlar tomonidan xarid qilindi. Bu ko‘rsatkichni o‘tgan yilning mos davriga solishtirganda 44,6 ming tonnaga ko‘pdir. 

Jumladan, AI-80 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga joylashtiriladigan hajmi oshirilmoqda. Masalan, 31 yanvar kuni birja savdolariga 5 550 tonna AI-80 avtobenzin sotish uchun joylashtirildi.

Jamiyat tomonidan yaratilgan zaxira, shuningdek ishlab chiqarilgan avtobenzin hisobidan 163,6 ming tonna (o‘rtacha kunlik 5 276 tonna) va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 74,7 ming tonnaga ko‘p avtobenzin yetkazib berilishi ta’minlandi. 

Birgina 31 yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi neft bazalari orqali iste’molchilarga jami 6 303 tonna AI-80 avtobenzin, jumladan Toshkent shahri va viloyatiga 1 466 tonna yoqilg‘i tarqatildi. Biroq bugungi kundagi vujudga kelayotgan talabni ishlab chiqarish quvvatlari orqali to‘liq ta’minlash imkoniyati chegaralangan.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi ehtiyojlarini sifatli va arzon narxlarda avtobenzin bilan ta’minlash maqsadida, aksiyadorlik jamiyati tasarrufdagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulot bilan bir qatorda, tayyor mahsulot import qilinmoqda. 

Xususan, joriy yilning yanvar oyida Rossiyadan 50 ming tonna AI-80 K5 rusumidagi avtobenzinni import qilish bo‘yicha shartnoma tuzilib, jami 44,2 ming tonna avtobenzin yuklangan bo‘lib, hozirda respublika hududiga yetkazib kelish va ichki bozorga sotish choralari ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda, “UNG Petro” MChJ tomonidan AI-80 bo‘layotgan talab ortib borayotganligi, respublika iqtisodiyoti va aholisini neft mahsulotlari bilan ta’minlashni inobatga olib, taqchillik, uzilishlar va AYoQShlardagi navbatlarning oldini olish maqsadida, “Gazprom” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan AI-80-K5 rusumli avtobenzin xarid qilinib, AYoQShlar orqali respublikamiz iste’molchilari uchun realizatsiya qilinmoqda.

Bundan tashqari joriy yilning yanvar oyida “UNG Petro” MChJ tomonidan import hisobiga qo‘shimcha 8,4 ming tonna yuqori oktanli avtobenzin yetkazib berilgan, jumladan AI-92 5,6 ming tonna, AI-95 2,5 ming tonna va AI-98 300 tonna.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga asosan avtobenzinni uzluksiz va barqaror yetkazib berilishi yuzasidan Energetika vazirligi tomonidan kunlik va soatlik nazorat o‘rnatilgan. 

Avtobenzin tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan, jumladan 2023 yil 1 fevral holatiga Jamiyat tasarrufidagi neft bazalar va neftni qayta ishlash zavodlarida 42,1 ming tonna avtobenzin qoldiqlari mavjud.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

Top