2023 yilda “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi 4,5 barobardan ko‘proqqa qisqardi
2023 yil yakunlari bo‘yicha “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi 2 trln 853 mlrd so‘mdan 628 mlrd so‘mgacha yoki 4,5 barobardan ko‘proqqa kamaydi. Moliyaviy natijalarning keskin yomonlashuviga kurs farqidagi yo‘qotishlar va foiz to‘lovlarini o‘z ichiga oladigan moliyaviy xarajatlar ta’sir o‘tkazgan.
"O‘zbekneftgaz" AJ 2023 yil yakunlari bo‘yicha alohida va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarini e’lon qildi. Moliyachi Otabek Bakirov ushbu hisobotlardagi muhim jihatlarni sanab o‘tdi.
“2023 yil yakunlari bo‘yicha “O‘zbekneftgaz”ning alohida va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlari tubga inayotgan monopolistning ahvoli yanada og‘irlashganini ko‘rsatadi.
Likvidlik keskin kamaygan. Pul mablag‘lari qoldig‘i 2 trln 487 mlrd so‘mdan 960 mlrd so‘mgacha qisqargan.
Debitor qarzlar ortgan. Debitorlar jami 3 trln 905 mlrd so‘mdan 5 trln 265 mlrd so‘mgacha yetgan. Debitorlar ortganiga qaramay, yo‘qotishlar uchun zaxiralar kamaygan.
“O‘ztransgaz”ning “Uz-Kor Gas Chemical” oldidagi “O‘zbekneftgaz” bo‘yniga ilingan qarzi bo‘yicha may oyida ochilib qolgan bitimi aslida o‘tgan yili yuz bergani ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun balansda 9 trln 143 mlrd so‘mlik qoplanadigan aktiv paydo bo‘lgan (majburiyatlarda ham).
Affillangan tomonlarning “O‘zbekneftgaz”ga qarzi (yana “Uz-Kor Gas Chemical”, “Natural Gas Stream”, “O‘ztransgaz” bilan bog‘liq) 707 mlrd so‘mdan 7 trln 558 mlrd so‘mga yetgan.
Sotiladigan aktivlar qiymati 1 trln 811 mlrd so‘mdan 4 trln 887 mlrd so‘mga yetgan. Ushbu keskin oshish yana o‘sha Saneg uchun sovg‘a qilingan Sho‘rtan 2 loyihasi bilan bog‘liq. Qanday qilib 1,8 trln so‘mlik aktiv 4,9 trln so‘mgacha shishib qolgani bo‘yicha auditor tafsilotlarni keltirmagan (mazkur loyiha balki 5 mlrd dollargacha shishirilgan MTOning bir ulushiga aylangan bo‘lishi kerak).
Qisqa va uzoq muddatli qarzlar keskin oshgan. Uzoq muddatli 32 trln 627 mlrd so‘mlik qarzning 8 trln 661 mlrd so‘mlik qismi joriy yilda so‘ndirilishi kerak. Kreditorlar o‘rnida bo‘lganimda men xavotirga tushgan bo‘lardim.
“O‘zbekneftgaz” so‘mda 26 foizdan, valutada 13 foizgacha qarz olishga o‘tgan. Monopolistning shu holatiga 2024 yilning may oyida O‘zSQB, Hamkorbank va KDB banklar 57 mln dollar kredit bergan.
Boshqa majburiyatlar ro‘yxatida 10 trln 39 mlrd so‘mlik Air Producs bilan bog‘liq qarzdorlik paydo bo‘lgan. GTLʼning yuragi ishtirok etgan sxema hech qanaqa investitsiya emasligini, bu qip-qizil qarz ekanini avval ham yozgan edik.
Darvoqe, GTL “O‘zbekneftgaz”ning pul oqimlari va majburiyatlari bo‘yicha eng asosiy aktivi bo‘lishiga qaramay, uning ko‘rayotgan zarari 2 yildan beri alohida aks ettirilayotgani yo‘q (va boshqalar qatorida). Bu auditorning qamrov darajasiga savollar tug‘dirmasligi mumkin emas, ertaga kreditorlar undiruv bilan bog‘liq muammolarga duch kelganida, e’tirozlar auditorni chetlab o‘tmaydi.
Konsolidatsiyalashgan hisobot bo‘yicha “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi 4,5 barobardan ziyod 2 trln 853 mlrd so‘mdan 628 mlrd so‘mgacha kamaygan. Moliyaviy natijalarning keskin yomonlashuvi kurs farqidagi ulkan yo‘qotishlar (1 trln 193 mlrd so‘mdan 4 trln 217 mlrd so‘mngacha) va foiz to‘lovlarini o‘z ichiga oladigan moliyaviy xarajatlar (2 trln 694 mlrd so‘mdan 4 trln 430 mlrd so‘mgacha) oshgani fonida yuz bergan.
Bunday natijalar bilan “O‘zbekneftgaz davlat qo‘llovi mavjudligi bahonasida reytingini saqlab qoladimi yoki pasaytiriladimi, yaqin oylarda bilib olamiz”, deya yozadi Otabek Bakirov.
Mavzuga oid
22:19 / 19.12.2024
Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishni oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024