19:07 / 03.02.2023
11935

Ayrim dorixonalarda Quramax kompaniyasi olib kirgan dorilar hamon sotilayotgani aytildi

«Yuksalish» umummilliy harakati monitoringi natijasida ba’zi dorixonalarda taqiqlangan dorilar borligi aniqlangan.

Foto: Quramax

2023 yil 26-27 yanvar kunlari «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan dorixonalarda taqiqlangan dori vositalarining sotilishini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazilgan. «Sirli mijoz» ko‘rinishidagi monitoring O‘zbekiston bo‘ylab 308 ta dorixonani qamrab olgan.

Qayd qilinishicha, aksariyat dorixonalarda taqiqlangan dori vositalari sotuvdan olib qo‘yilgan, biroq omborlarda hamon saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.

«Ayrim dorixonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sotuvi to‘xtatilgan dori vositalari erkin sotuvda borligi aniqlangan. Xususan, Qashqadaryo viloyati (Qarshi shahri) va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida (Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Surxon Markaziy», «Do‘stlik» mahallalarida) Hindistonning «Marion Biotech Pvt. Ltd.» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va Quramax Medical kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga olib kirilgan «Nolgripp Junior» yo‘talga qarshi siropi, «Travamaks», «Nolgripp» va «Tsinepar» tabletkalari va pastillarini hali ham xarid qilish mumkin. Aholi ushbu dori-darmonlarni yuz bergan fojiali holatlar, sog‘liq va hayot uchun ehtimoliy xavflarga qaramay, avvalgidek sotib olmoqda», deyiladi xabarda.

«Yuksalish» umummilliy harakati aholi orasida, ayniqsa, chekka qishloqlar, poliklinikalarda keng tushuntirish ishlarini o‘tkazish, taqiqlangan dori vositalari ro‘yxatini barcha dorixonalarning ko‘rinadigan joyiga ilib qo‘yish, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi to‘xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan, lekin omborlarda saqlanayotgan barcha dorilarni, tadbirkorlarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalasini ko‘rib chiqqan holda, yo‘q qilinishini ta’minlashni tavsiya qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» siropini ichish oqibatida bolalar o‘limi kuzatilgani bo‘yicha tergov davom etmoqda. Ikki nafar mas’ul davlat xizmatchisi va dorilar importyori bo‘lmish Quramax kompaniyasining ikki xodimi tergovga tortilgan. Kompaniyaning litsenziyasi bekor qilindi, sud yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib tashlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi talabni qanoatlantirdi.

SSV aholi salomatligini muhofaza qilish va boshqa dori vositalarini qo‘shimcha tekshirish maqsadida 2022 yilda Quramax Medical tomonidan olib kirilgan barcha dori vositalari sotuvi to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Bular 36 turdagi dorilar bo‘lib, ular ichiga «Dok-1 Maks», «Nolgripp» siroplari, «Travamaks» tabletkalari va eritma uchun granulalari kiradi.

Top