Ayrim dori vositalari oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi
Ayrim tadbirkorlar dori tarkibli mahsulotlarini biologik faol qo‘shimcha sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Raqobat qo‘mitasi ularni ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish talablari qiyinlashgani sabab ayrim tadbirkorlar dori tarkibli mahsulotlarini BFQ va oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida ro‘yxatga o‘tkazgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
O‘rganishlarga ko‘ra, “Jo‘rabek laboratories” MChJ QK ishlab chiqargan “ORSA” dori vositasini boshqa tadbirkorlar BFQ sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgani aniqlangan. Shuningdek, mahsulotga rasmiy BFQ ruxsatnomasi berilgan bo‘lgan.
Holatni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi o‘rgangan. Unga ko‘ra, “ KIFTI-OB DORI DARMON ” MChJ ishlab chiqargan “KIFTI ” ORSA nomli BFQ mahsuloti dori vositasi tarkibiga mos kelishi aniqlangan.
Bundan tashqari, quyidagi BFQ yo‘riqnomalarida dori vositasiga xos bo‘lgan xususiyatlar, ya’ni turli kasalliklarni davolash va oldini olish uchun qo‘llanishi yozilgan:
– “MALIKA LABORATORIES” MChJ ishlab chiqargan “ORS”;
– “HVARA” MChJ ishlab chiqargan “ORSI MAX”,
– “VITALLY” XK ishlab chiqargan “ORSASOL” ;
– “MADINA FARM MED” MChJ ishlab chiqargan “FITA ORSA”
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, yuqorida nomlari sanalgan tadbirkorlarga vaqtincha mahsulotini ishlab chiqarishni to‘xtatish, BFQ mahsulotini barcha savdo tarmoqlaridan qaytarib olish va bu haqda vakolatli organga axborot berish yuklatilgan. Korxonalarga berilgan ruxsatnomalarni Sanepidqo‘mitaga qaytarish choralari ko‘rilgan.
Shuningdek, qo‘mita ishlab chiqaruvchilarga javobgarlik masalasini ko‘rish va bunday muammolarni bartaraf etish uchun tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Mavzuga oid
16:06 / 08.11.2024
“Biologik faol qo‘shimchalar reklamalarida 328 ta qonunga zid holat aniqlandi” – Raqobatqo‘m
14:25 / 29.10.2024
Davr bank jarimaga tortildi – Raqobat qo‘mitasi
14:06 / 26.10.2024
Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi
12:48 / 21.10.2024