Jahon | 20:51 / 04.02.2023
13535
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda ishsizlar soni 205 milliondan oshdi 

Ishsizlikning eng yuqori darajasi Afrika va arab mamlakatlarida kuzatilgan. 

Foto: UNICEF

Xalqaro mehnat tashkilotining «Global bandlik va ijtimoiy istiqbollar: 2023 yildagi tendensiyalar» hisobotiga ko‘ra, joriy yilda dunyoda ishsizlik darajasi oshadi. 

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida dunyoda ishsizlar soni 205,2 million kishini tashkil qilgan. Bu 2021 yilga nisbatan 11,2 million kishiga va pandemiya boshlangan 2020 yilga nisbatan 30 millionga kamdir. Biroq pandemiyadan oldingi davrga (2019 yil) nisbatan bu ko‘rsatkich 13,3 million kishiga ko‘pdir.

Xalqaro mehnat tashkilotining bu yilgi prognozlariga ko‘ra, dunyoda ishsizlar soni 3 millionga oshib, 208,2 million kishiga, 2024 yilda esa 210,9 million kishiga yetadi. 

O‘tgan yili dunyoda ishsizlik darajasi 5,8 foizni tashkil qilgan. Bu 2021 yilga nisbatan 6,2 foizga va pandemiya boshlangan yilga nisbatan 6,9 foizga kam. Ammo 2019 yilga nisbatan bu 5,5 foizga yuqori. XMT prognoziga ko‘ra, ishsizlik darajasi 2023-2024 yillarda o‘zgarishsiz qoladi (5,8 foiz). 

Jinslar nuqtai nazaridan, ishsizlik darajasida sezilarli farq yo‘q. O‘tgan yili ishsizlik ayollar o‘rtasida 5,8 foiz, erkaklarda 5,7 foizni tashkil etgan. 2023-2024 yillarda ishsiz erkaklar darajasi o‘zgarmaydi, 2024 yilda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik ko‘payadi va 5,9 foizni tashkil qiladi. 

Mintaqalar bo‘yicha ishsizlikning eng past darajasi (5,2 foiz) o‘tgan yili Osiyo-Tinch okeani mamlakatlarida kuzatilgan. 2023-2024 yillarda vaziyat saqlanib qolishi va ko‘rsatkich 5,1 foizga kamayishi kutilmoqda. 

Shu bilan birga, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida bu ko‘rsatkich 7 foizni, Shimoliy Amerika mamlakatlarida (AQSh va Kanada) 3,8 foizni, Yevropa va Markaziy Osiyoda 6,1 foizni, Afrikada 7,1 foizni tashkil qilgan. 

Ishsizlikning eng yuqori darajasi arab mamlakatlarida kuzatildi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 9,3 foizni tashkil etdi. 

Mavzuga oid