Jahon | 23:17 / 04.02.2023
18831
3 daqiqa o‘qiladi

Sakkiz nafar respublikachi 2024 yilgi saylovda Tramp bilan raqobatlashishi mumkin 

Ular orasida «og‘ir vaznli» siyosatchilar bor va Trampga oson bo‘lmaydi. 

Ron DeSantis va Donald Tramp / Foto: Getty Images

AQSh Respublikachilar partiyasining kamida sakkiz nafar taniqli vakili praymerizda sobiq prezident Donald Tramp bilan raqobatlashishi mumkin, deb yozdi The Hill gazetasi. Hozircha u prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatini e’lon qilgan yagona siyosatchi hisoblanadi.  

Jumladan, Qo‘shma Shtatlarning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq elchisi Nikki Heyli prezidentlikka nomzodini qo‘yishini istisno etmayapti va bu haqda 15 fevral kuni rasman e’lon qilishi mumkin.  

Yana bir nomzod Florida shtati gubernatori Ron DeSantis bo‘lishi mumkin. U saylovda qatnashish niyatini rasman e’lon qilmagan, ammo juda mashhur. Ko‘plab so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Tramp emas, aynan DeSantis respublikachilar tarafdorlarining xayrixohligi bo‘yicha yetakchilik qilgan.  

Yana bir «og‘ir vaznli» siyosatchi, AQSh sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens ham nomzodini qo‘yishi mumkin. Avvalroq u yaqin oylarda bir qarorga kelishini aytgan edi. Biroq, so‘nggi kunlarda uning nomi maxfiy hujjatlar bilan bog‘liq mojarolar fonida matbuotda tez-tez tilga olinmoqda. Hatto tintuvlar Pensning uyida ham o‘tkazilishi mumkin. 

Sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo dekabr oyida o‘z rejalarini 2023 yilning bahorida e’lon qilishini aytgan edi. So‘nggi paytlarda u prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligini anglatuvchi harakatlarni amalga oshirmoqda. Xususan, u o‘z xotiralarini e’lon qildi va ijtimoiy tarmoqlarda sobiq rahbari Trampga qarshi keskin «hujumlar» qildi. 

Shuningdek, Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Asa Hatchinson, Virjiniya gubernatori Glenn Yangkin, Merilend shtatining sobiq gubernatori Larri Hogan va Janubiy Karolina senatori Tim Skott prezidentlikka da’vogarlik qilish niyatini e’lon etishi mumkin. Ularning har biri, deb yozadi nashri, turli vaqtlarda bunday imkoniyatni jiddiy ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini e’lon qilgan. 

AQShda prezidentlik saylovi 2024 yilda bo‘lib o‘tadi. Undan oldin demokratlar ham, respublikachilar ham o‘z nomzodini tanlab olishi kerak bo‘ladi. 

Mavzuga oid