Erdo‘g‘an tabiiy ofat hududiga keldi
Prezident zilziladan jabrlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatilishi, Antalya hamda boshqa xavfsiz hududlardagi mehmonxonalardan joy berilishini ma’lum qilgan. Zilzila ro‘y bergan hududlarda yil davomida yangi uylar qurib beriladi.
Turkiyada zilzila qurbonlari soni 8574 nafarga yetgan, 49133 kishi yaralangan. Bu haqda tabiiy ofatdan eng jabr ko‘rgan Qahramonmarash viloyatiga kelgan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
Turkiya prezidenti tabiiy ofatdan jabrlangan 10 viloyatda bir yil ichida yangi uylar qurib berilishini va’da qildi. Erdo‘g‘an hukumat Antalya, Alanya va Mersindagi mehmonxonalar bilan boshpanasini yo‘qotgan fuqarolarni joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishganini qo‘shimcha qildi.
Prezident barcha jabrlanuvchilarga 10 ming lira (530 dollar) miqdorida yordam puli to‘lanishini ma’lum qilgan.
6 fevral kuni Turkiya janubidagi Qahramonmarash viloyati hududida, soat 4:17 da o‘chog‘i 7 km chuqurlikda joylashgan 7,7 magnitudali zilzila ro‘y berdi. Yer silkinishidan jami o‘nta viloyat jabrlangan. Bu hududlarda uch oy muddatga favqulodda holat e’lon qilingan.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan, jumladan O‘zbekiston FVV bo‘linmalari ham Turkiyaga yetib borgan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, kamida to‘rt nafar o‘zbekistonlik xarobalar ostidan qutqarilgan, O‘zbekistonning bir fuqarosi tabiiy ofat qurboniga aylangan .
Zilzila Suriyaning shimoliy hududlariga, jumladan Lataqiya va Halabga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Suriya sog‘liqni saqlash vazirligi kamida 1262 kishi halok bo‘lgani va 2,3 mingdan ortiq kishi jabrlanganini xabar qilgan. Al Jazeera esa rasmiy Damashq tomonidan nazorat qilinmaydigan, muxolifat kuchlari nazoratidagi hududda 1400 kishi halok bo‘lib, 2,7 mingdan ortiq kishi jarohat olgani haqida xabar bergan.
Mavzuga oid
20:33 / 12.10.2024
Turkiya Rossiyadan po‘lat eksportini cheklashga qaror qildi
11:13 / 11.10.2024
Turkiya “Markaziy Osiyo” atamasini “Turkiston”ga o‘zgartiradi
14:50 / 10.10.2024
Discord messenjeri Rossiyadan keyin Turkiyada ham bloklandi
18:18 / 08.10.2024