Iqtisodiyot | 19:57 / 08.02.2023
30463
6 daqiqa o‘qiladi
Reklama

“O‘zbekgidroenergo” AJ – “MACLEC”: suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolandi

Foto: O‘zbekgidroenergo

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroenergetik quvvatlarni barpo etish, xususan, zamonaviy talablar asosidagi yangi gidroelektr stansiyalarni qurish, modernizatsiya loyihalarini amalga oshirish, shu bilan birga, istiqbolli sanalgan mikro va kichik GESlarni qurishga katta urg‘u berilmoqda.

Bugun 8 fevral kuni Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida ikki tomonlama hamkorlik doirasida navbatdagi tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Madaniy aloqalar bo‘yicha Hindiston Kengashi prezidenti Doktor Vinay Saxasravudxe, Milliy energetika korporatsiyasi, “Tehri Hydro Power Corporation” hamda “North-Eastern Electric Power Corporation Limited” korporatsiyalari raisi va boshqaruvchi direktori Shri R.K. Vishnoy, “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj, O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dilshod Axatov hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Tadbirda tarixiy kelishuvga erishildi. Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, quvvati 50 MVt bo‘lgan suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni O‘zbekistonga yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Ushbu hamkorlikning asosiy jihati shundaki, 1-bosqichda gidroagregatlarning 60%i mahalliylashtiriladi va gidroagregatlar O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkaziladi. 2-bosqichda ishlab chiqarish 100% mahalliylashtiriladi va hindistonlik injyener-muhandislar respublikamizda doimiy ishlashi va bizning mahalliy mutaxassislarimizni gidroagregatlarni ishlab chiqarishga o‘rgatish uchun jalb qilinadi.

Bu borada Jamiyat xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, xorijiy ilg‘or tajribani mahalliylashtirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaramoqda.

Mazkur tadbirda “MACLEC” kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj hamda Jamiyat Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tildi hamda o‘zaro minnatdorchilik tilaklari bildirildi.

Tadbir davomida tomonlar o‘rtasida shartnoma imzolash marosimi o‘tkazildi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

O‘tgan 2022 yilning avgust oyida Hindistonning “Masles” kompaniyasi rahbarlari bilan gidroenergetika sohasida yangi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilgan hamda “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida quvvati 500 kVt gacha bo‘lgan mikroGESlar uchun gidroagregatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolangan edi.

Natijada, tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJ zavodi hamda Hindistonning “MACLEC” kompaniyasi hamkorligida mikroGESlar uchun gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” o‘zbek brendi asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishilgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, xususiy investorlar tomonidan mikroGESlarni qurishga va davlat-xususiy sherikchiligi asosida kichik GES qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib beradi. GES uchun zaruriy asbob-uskunalar yurtimizdan arzon va kafolatlangan tarzda xarid qilinishi imkoniyatini beradi.

Joriy yilning 23 yanvar kuni Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov boshchiligidagi delegatsiya hamda “MACLEC” kompaniyasi vakillari bilan o‘zaro hamkorlik doirasida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda Jamiyat tomonidan O‘zbekistondagi gidroenergetik salohiyat, xususan, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qulay daryo va kanallar haqidagi ma’lumotlar, hind kompaniyasi tomonidan esa zamonaviy texnologik qurilmalar, xususan, gidroagregatlar borasida maxsus taqdimot taqdim etilgan edi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Natijada qisqa vaqt ichida har bir daryo va kanallar uchun individual bo‘lgan gidroagregatlar modellashtirildi, ularning nominal o‘lchamlari va quvvatlari yangi texnologiyalar yordamida aniqlandi va shu kunlarda ishlab chiqarish jarayonlari boshlanadi.

Jamiyat tomonidan bu boradagi hamkorlik ishlari uzviy davom ettirilib, Xitoy Xalq Respublikasining JINLUN kompaniyasi bilan quvvati 15 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlarni ishlab chiqaruvchi yangi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan zavodni qurish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. 20 fevralga qadar ushbu hamkorlik bitimi imzolanishi va yangi zavodga tamal toshi qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Umuman olganda, mahalliylashtirish doirasida samarali loyihalar asosida yo‘lga qo‘yilayotgan, xorijiy ilg‘or tajriba asosida ishlab chiqarilayotgan yangi quvvat qurilmalari va manbalari yangi O‘zbekiston gidroenergetik salohiyati ortishiga, toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish hajmi keskin oshirilishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, tom ma’noda, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishiga muhim poydevor bo‘ladi.

Axborot xizmati

Hindiston. Nyu-Dehli.

Mavzuga oid