Iqtisodiyot | 19:23 / 09.02.2023
57438
4 daqiqa o‘qiladi

Odamlarni birlashtirgan loyiha – “Tashabbusli budjet” qanday ommalashdi?

2021 yilda eksperiment tariqasida boshlangan “Tashabbusli budjet” 2 yil ichida yirik loyihaga aylandi. Odamlarning o‘z soliqlarini o‘zlari taqsimlashdagi faolligi prezident Shavkat Mirziyoyevni ham bee’tibor qoldirmadi. Davlat rahbarining topshirig‘i bilan bu yil fuqarolar tashabbuslariga 3,5 barobar ko‘p mablag‘ ajratilmoqda.

2021 yilda eksperiment tariqasida boshlangan “Tashabbusli budjet” 2 yil ichida yirik loyihaga aylandi. Loyiha parlament qilmagan ishni qildi – fuqarolar o‘z soliqlarini o‘zlari xohlagandek ishlatishda bevosita ishtirok eta boshlashdi.

2021 yilda Moliya vazirligi yangi talqindagi “Ochiq budjet” platformasini ishga tushirdi. Unda “Tashabbusli budjet” bo‘limi yaratilib, fuqarolarga o‘z yashash hududidagi muammolar borasida taklif qoldirish imkoni yaratildi.

2021 yildagi “Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumida aholidan 1 100 ta, ikkinchi mavsumda 41 125 ta taklif tushdi. Qoldirilgan takliflarda shaxsiy manfaatlar ustuvorlik qilmasligi va loyiha qiymati 1 mlrd so‘mdan oshib ketmasligi asosiy mezonlar deb belgilandi.

Amalda ham odamlar shaxsiy manfaatlar uchun emas, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktablar ta’miri, ichimlik suvi kabi jamiyat manfaati uchun muhim takliflarni qoldirdi.

Foto: Moliya vazirligi.

2022 yilda esa “Tashabbusli budjet” loyihasi o‘zbekistonliklarning e’tibor markazidagi muhim jarayonlardan biriga aylandi. Odamlar tezroq “Tashabbusli budjet” boshlanib taklif qoldirishni kutdi, o‘z takliflariga ko‘proq ovoz yig‘ish uchun uyma-uy yurishdi. Har bir ovoz uchun mukofot taklif qila boshlashdi. Chunki bu ovozlar amaliy ahamiyatga ega edi: eng ko‘p ovoz olgan takliflarni ro‘yobga chiqarish uchun mablag‘ ajratiladi.

2022 yilgi birinchi mavsumda 69 700 ta, ikkinchi mavsumda esa 61 000 ta taklif tushdi. Loyiha ommalashib, taklif bermagan mahalla qolmadi hisob: tashabbusli budjetdagi tashabbuslar O‘zbekistondagi mahallalarning 98 foizini qamrab oldi.

2022 yilda o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” loyihalarida g‘olib bo‘lgan tashabbuslar sohalar kesimida. Infografika: Moliya vazirligi

Tashabbuslari ko‘p ovoz yig‘ib, g‘olib chiqqan mahallalar bayramlar uyushtira boshladi. Chunki endi ular mahallasidagi muammolar hal bo‘lishi uchun hokimiyatning “mana bu yil, mana keyingi yil” degan va’dalari bajarilishini kutib o‘tirishi shart emasdi. Bu bilan ushbu loyiha odamlarni birlashtirganiga guvoh bo‘ldik.

Odamlar “Tashabbusli budjet”ni xursandchilik bilan qarshi olishi prezidentni ham befarq qoldirmadi. Shavkat Mirziyoyev aholi fikri asosida qilinadigan loyihalarni ko‘paytirishga, ajratiladigan mablag‘larni karrasiga oshirishga topshiriq berdi.

“Bizning tajribamizda bu ham birinchi marta va juda katta ijobiy natija beryapti. Odamlar shu jarayonlarda bevosita o‘zlari ishtirok etyapti. Eng muhimi, odamlar bunday loyihalarga daxldor bo‘lib, bunyod qilingan infratuzilmadan faxrlanib, ularni asrab-avaylab foydalanyapti”, – degandi davlat rahbari.

Shu tariqa, 2023 yilda fuqarolar tanlagan loyihalar uchun o‘tgan yilgidan 3,5 barobar ko‘p – 8 trln so‘m ajratiladigan bo‘ldi. “Tashabbusli budjet” va “Mening yo‘lim” dasturlaridan tashqari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga nimalarni kiritishni ham fuqarolar hal qiladi. Buning mexanizmlari tez orada tasdiqlanadi.

2023 yil uchun ilk takliflarni qabul qilish 6 fevraldan boshlandi. Siz “Ochiq budjet” portalida taklif qoldirishingiz, keyinroq takliflardan biriga ovoz berish orqali birinchi mavsum uchun ajratilgan 1,7 trln so‘m pulni qayerga ishlatishni hal qilishda ishtirok etishingiz mumkin.

Madina Ochilova tayyorladi.

Operator va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid