10:26 / 10.02.2023
10877

«Davlat qurishi emas, nazorat qilishi kerak» - 20 yildan beri AQShda ishlayotgan o‘zbekistonlik muhandis

Sayyoradagi ichimlik suvi rostdan ham xavf ostidami? Nega bir paytlar o‘zbeklar yozda chopon kiyib yurishgan? Nima qilsak yaxlit jamiyat bo‘lib rivojlanamiz? Bu savollarga «O‘zbekistonlik» filmi bilan ko‘pchilikning yodida qolgan Asqarali Karimov javob bergan.

Asqarali Karimov / foto: AyubRecords

U hozir AQShdagi KPA Enginners kompaniyasida suv resurslari va gidrologiya muhandisligi bo‘yicha texnik direktor bo‘lib ishlaydi.

Asqarali Karimov suv va oqova suvlarni tozalash inshootlarini gidrologik va gidravlik modellashtirish, baholash, tekshirish, loyihalash, qurish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha katta bilim va tajribaga ega. YouTube’dagi «AyubRecords» loyihasida Karimov sayyoradagi suvning bugungi ahvoli, nima qilsak jamiyat rivojlanishi mumkin, tabiatni nima uchun sevish kerakligi haqida gapirgan.

«Burgutni o‘ldirganda 10 yil beriladi»

— 70 yillarda Amerikada sanoat korxonalari rivojlanib ko‘paya boshlagach, ulardan chiqqan turli chiqindilar daryolarga tashlangan. Natijada daryolar ifloslanishi kuzatilgan. Shundan keyin Amerika tabiat, atrof-muhitni himoya qilish qonunlarini qabul qila boshlagan. Bundan tashqari, 60 yillarda dalalardagi hosillarga hasharotlarni o‘ldirish uchun ko‘p miqdorda zaharli moddalar sepilgan.

Bald eagle — Amerikaning timsoli sanalgan burgut, uni o‘ldirganlar 10 yilga qamaladi — o‘sha sichqon bilan oziqlangan. Zaharli moddalar esa burgut tuxumini mo‘rtlashtirib yuborgan. Natijada burgutlar qirila boshlagan. Bu narsani Richal Karson o‘zining «Silent spring» kitobida yozib, isbotlab bergandan keyin butun Amerika qonunlari o‘zgargan. Shu voqea sabab 70 yillarda Amerikada tabiat va suv muhofazasiga oid yana bir qancha qonunlar qabul qilingan. Butun insoniyat tabiatni asramasdan yashab bo‘lmasligini tushunib bo‘lgan. Har bir qilayotgan harakatimiz tabiatga albatta ta’sir qiladi.

Davlat qurmaydi, nazorat qiladi

— Texas shtatining 83 foiz yer maydoni shaxsiy mulk. Davlat degan narsa yo‘q. Hamma narsani xususiy sektorlar quradi. Davlat degani shunaqa bo‘lishi kerak. Qoidalarni ishlab chiqadi, xususiy sektor qilayotgan infratuzilma norma darajasidami yoki yo‘qmi shuni nazorat qiladi. Xususiy sektor esa o‘sha qoidalarga amal qilib ishini qiladi.

Yuqori kuchlanishli elektr simlari ustunlari osti bo‘m-bo‘sh qilib qo‘yiladi. Ikki tomoni ham to‘la uy, lekin o‘sha elektr simlari o‘tgan hudud elektr tarqatuvchi tashkilotning mulki hisoblanadi.

Masalan, men shu joydan yo‘l o‘tkazishim uchun ham ulardan ruxsat olishim kerak. Umuman hamma odamlarning harakati shtatni rivojlantirishga qaratilgan. Lekin hammasi qonunlar doirasida bo‘lishi kerak. Shuningdek, shaharning yozib qo‘yilgan qoidalari bor, injyenerlik ishlari, dizaynlar hammasi o‘sha asosida ketadi.

«Shaxs shakllanmasa, jamiyat shakllanmaydi»

— Tabiatga o‘zimiz mas’ul ekanimizni anglamasak, shaxs sifatida shakllanmasak, tabiatni yaxshi ko‘rmasak, bu narsa yaxshilikka olib bormaydi. Tabiatni yaxshi ko‘rish — bir-birimizni yaxshi ko‘rish demakdir.

Yoshligimizda ko‘chadagi itlarni ur-sur, toshbo‘ron qilardik. Amerikaliklarning qaysidir hayvon bilan yashashini ko‘rib, ajablanganmiz. Biz shunaqa boshqacharoq xalqmiz. Lekin bu degani shunday yashash kerak degani emas-ku?! Balki, Amerikaga kelmaganimizda tabiatga nisbatan bunday qarashlarni biz ham bilmasdik.

Sigirni juda yaxshi ko‘rardim. Og‘ilxonani shunday tozalardimki, shifokor tog‘am ko‘rsa, «Yotging keladi-ya bu yerda» deb hazillashib qo‘yardi. Demoqchimanki, bizning mentalitetda tabiatni, hayvonlarni yaxshi ko‘rish shakllanmas ekan, biz shaxs bo‘la olmaymiz. Mayli, foyda keltirmang, lekin hech bo‘lmaganda, o‘sha narsalarga zarar yetkazmang. Rahm-shafqat, insoniylik bilan yashang.

Rivojlanish haqidagi gaplar bekor. Mayli, rivojlanaversin, lekin siz shaxs sifatida nima xohlaysiz? Bu dunyoga nega kelgansiz va kimsiz? — ana shu savollarga javob bo‘lganda, shaxs rivojlanadi. To‘g‘ri, o‘zgaryapti. Yoshlar dunyo ko‘ryapti, dunyoqarashi o‘syapti — ular boshqacha.

Yer yuzida suv hajmi o‘zgarmaydi, sifati o‘zgaradi

— Deylik, bir shaharda 100 mln metr kub suv ishlatiladi. Bu narsa mavsumiy o‘zgarib turadi: yozda ko‘proq, qishda kamroq. Ko‘p suv yerning namligini saqlash uchun ishlatiladi, chunki yerda namlik yo‘qolsa, yer yorilib qoladi.

Umumiy ishlatiladigan suvning 10-12 foizigina iste’molga ketadi. Umumiy Yer yuzida ham xuddi shunday. Suv o‘zgarmaydi. Tsikl aylanib turaveradi. Ya’ni avvalboshdan qancha suv bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday, o‘zgarishsiz aylanib turibdi. Lekin sifati o‘zgarishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi hisobiga esa ma’lum joydagi suv ikkinchi bir joyga o‘tishi mumkin, lekin hech qayerga yo‘qolmaydi.

Iqlim o‘zgarishining infratuzilmaga ta’siri

— Iqlim o‘zgarishida yana bir narsa bor. Deylik, 40 millimetrli yomg‘ir bir soatda yog‘ishi yoki 24 soatda yog‘ishi mumkin. Lekin infrastruktura bir soatlikka bardosh berolmaydi. Amerikada ham aynan mana shu iqlim o‘zgarishi katta muammo.

Namlik sikloni aylanishi yo‘llarning buzilishiga sabab bo‘lyapti. Katta bosimdagi siklon kichik yo‘llarga to‘g‘ri kelib qolyapti. Biz, insonlar shu holga keltirdik. Badalini to‘laymiz, to‘layapmiz ham. Tabiatda har bir qilingan qilmishga jazo bor. Suv bosadi, muzlash bo‘ladi.

Ikki yil oldin Texasda 8 kun yopilish bo‘ldi, elektr, gaz va suv yo‘q. Sakkiz kun uyda o‘tirdik, hech narsa qilib bo‘lmaydi. Qamalga tushgandek bo‘ldik. Hamma joy muzlagan. Tarixda birinchi bor bunday hol bo‘lishi.

Keksalikda suv ichilmaydi o‘zi. Qaynoq choy ichishadi, xolos. Nega qarilar yozda ham chopon kiyib yurgan deb o‘ylaysiz, bu — konditsioner. Bunda ham suvning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi bor, ya’ni odam bir terlaydi va keyin o‘sha ter soviydi. Qaynoq choyni ham shuning uchun ichishadi. Ota-bobolarimiz aynan bu narsani ilmiy jihatini bilishmagandir, lekin shu jarayonni anglashgan.

«Erkinlik — ayol yoki erkakka bog‘liq tushuncha emas»

— Hamma narsa erkinlikka taqaladi. Menimcha, erkinlik ikkita narsa: javobgarlik va mas’uliyat. Hamma narsa erkinlik nima ekanini tushunib olishdan boshlanadi. Erkinlik degani og‘zingga kelganini gapirish emas, bu o‘zingni javobgar sifatida tutishdir. Ko‘rib turgan narsangizga mas’ulsiz.

Tanqid qilish ham shunday. Agar kamchilik aytilmasa, davom etaveradi. «Qo‘lingdan nima ish keladi, nega buncha noliysan?» deydi odamlar. Bu nolish emas. Balki mening qo‘limdan keladigani — shu aytishdir. Shuni o‘ylab ko‘rish kerak. Shaxs rivojlanishi ayni shu erkinlik nima ekanini bilib olishdan boshlanadi. Erkinlik — ayol yoki erkakka bog‘liq tushuncha emas.

«O‘zingizni doim 20 yoshdaman deb o‘ylaysiz, lekin…»

— Amerikada o‘qishga kelganimda bir domlam odam har 10 yilda ish joyini o‘zgartirib turishi kerak, der edi. Ya’ni kishi vaqti-vaqti bilan o‘zini qiynab, yangi narsalarni o‘rganishga kirishishi kerak. Ishimda chellenj his qilmayotgan bo‘lsam, o‘zimga boshqa chellenj topaman. Birxillik odamni zeriktiradi. Umr qisqa va bu katta maktab. Hammamiz o‘quvchimiz, har kuni bir narsa o‘rganamiz. Yangilik izlash kerak. 

Odam 45 yoshgacha hech nimani sezmas ekan. 45 yoshdan keyin charchashlar boshlanadi, lekin tan olgingiz kelmaydi. Xayolingizda bir umr 20 yoshli yigit bo‘lib yashaysiz. Agar 45 yoshgacha moddiyat nuqtayi nazaridan uy-joy, yaxshi ishga erishib bo‘lmagan bo‘lsang bu yerda nimadir noto‘g‘ri bo‘lgan. Bu degani hamma uy olishi kerak degani emas. Ya’ni birovga og‘irliging tushmaydigan odam bo‘lish kerak.

Men hayotni yosh bilan o‘lchamayman. Bugun nima qildim, nimani o‘zgartirishim kerak degan fikr bilan yashayman. Ilm olish yosh bilan chegaralanmagan. Eng katta boylik ham shu. 

Top