23:56 / 11.02.2023
36989

O‘zbekistonliklar Turkiyaga jo‘natgan yordam ichida eski va yaroqsiz narsalar yo‘qligi ma’lum qilindi

O‘zbekistondan Turkiyaga birinchi navbatda oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar tagliklari va issiq yoping‘ichlar yuborilgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyada zilziladan talafot ko‘rganlarga yuborilgan insonparvarlik yordami, xususan, kiyim-kechaklarning eski va yaroqsizligi, mavsumiy emasligi, ko‘chada sochilib yotgani aks etgan videolar tarqaldi. Ayrimlar bunday narsalar O‘zbekistondan yuborilgan degan fikrlarni aytmoqda. 

«Yoshlar kelajagimiz» jamg‘armasi matbuot xizmati rahbari Abrorbek Ma’rufjonov xabariga ko‘ra, bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Uning so‘zlarini Hudud24 keltirdi. 

«Turkiyaga insonparvarlik yordami sifatida birinchi galda oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar tagliklari va issiq yoping‘ichlar yuborildi. Yordamga oshiqqan fuqarolarimizning farosati yuqori. Eski kiyimlar deyarli yo‘q. Hozircha ehson olish vaqtincha to‘xtatildi. Sababi - saralash uchun ko‘p vaqt kerak. Narsalar saralanib, bosqichma-bosqich jo‘natilmoqda. Hammasi nazoratda, eski narsaning o‘zi yo‘q. Xalqimizdan noto‘g‘ri talqin qilmaslikni iltimos qilardim. Hozirda isitish pechlari, generatorlar, fonarlar jo‘natildi», dedi u. 

Avvalroq, o‘zbek xalqi musibat kunlarida Turkiyaga katta hajmda insonparvarlik yordami yuborayotgani, Toshkentda, viloyatlarda va Turkiyaning o‘zida vatandoshlarning ko‘ngilli guruhlari mablag‘, moddiy buyumlar yuborish va bevosita jismoniy ko‘mak ko‘rsatish tarzida zilziladan jabrlanganlarga yelkadosh bo‘layotgani haqida xabar berilgan edi. 

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top