Jahon | 17:58 / 07.09.2024
8068
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Misrning yarashuvi: ular nega arazlashgan edi?

Misr prezidenti 12 yil ichida ilk marta Turkiyaga tashrif buyurdi. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar 2013 yilda yomonlashgan, o‘shanda avtoritar general Abdulfattoh as-Sisi demokrat prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan yiqitgan edi. Mavzu borasida “Geosiyosat”da tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Azamat Sharipov so‘z yuritadi.

Ma’lumot uchun, Anqara va Qohira o‘rtasidagi munosabatlar 2020 yildan iliqlasha boshlagandi. O‘tgan yili har ikki mamlakat bir-biriga elchi jo‘natdi, shu yil fevralda esa Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Misrda bo‘lgandi.

Musulmon olamida katta nufuzga ega ikki mamlakat o‘rtasidagi nizo tarixini siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov shunday tushuntiradi:

2011 yil arab davlatlari o‘rtasida Arab bahori – arab davlatlarida ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar sababli hukumatlarni ag‘darish boshlanadi. Arab dunyosidagi eng katta yiqitilgan hukumat Misrda 30 yillik boshqaruvga ega Husniy Muborak hokimiyati edi. Shundan keyin hukumat tepasiga “Musulmon birodarlari” keladi. Uning rahbari Mursiy edi. Mursiy bilan Erdo‘g‘anning ham ichki, ham tashqi siyosati bir-biriga o‘xshash edi. Ammo Mursiy hokimiyati general-marshal As-Sisi tomonidan qulatiladi. Bu inqilobda Isroil va Saudiyaning ham manfaatlari bor edi.

2012-2013 yildan buyon Turkiya va Misrning munosabatlari salbiy nuqtaga tushib qolgan edi. Bu yerda Erdo‘g‘anning shaxsiyati va siyosati Misr prezidentinikidan farq qilishi masalasi bor. Erdo‘g‘an arab davlatlarida demokratiya va islom uyg‘unligini istaydigan davlat rahbarlaridan biri hisoblanadi. Misrda mana shu jarayon uzilgani uchun ham uning munosabati o‘ta salbiy tus oladi. Qolaversa, Erdo‘g‘anning o‘zi davlat to‘ntarishiga uchragan bo‘lsa-da, hokimiyatini saqlab qola olgan. U hokimiyatga kelgunigacha Turkiyada to‘rt marta hukumat ag‘darilgan. O‘rtada 10 yillik turg‘unlikdan keyin Turkiya Misr, Suriya va boshqa arab davlatlari bilan munosabatni tiklamoqda”.

Tahlilchi Azamat Sharipovning qayd etishicha, Misr va Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga yaqinda 100 yil to‘ladi.

Erdo‘g‘an va As-Sisi 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ilk marta uchrashgan. Ular 2023 yil Hindistondagi G-20 global sammitida ham uchrashuv o‘tkazishdi. Erdo‘g‘an 2024 yil 14 fevralda rasmiy tashrif bilan Qohiraga boradi. Savdo aloqalarini yaxshilash va mintaqadagi mojarolarni tinchlik yo‘li bilan bartaraf etish masalasi qo‘yiladi. Misr – Turkiyaning uzoq yillik siyosiy sheriklaridan, asosiy savdo hamkorlaridan biri.

Ukrainadagi urush sababli Yevropa davlatlarining ko‘pchiligi Rossiya uglevodorodlariga boykot e’lon qilgan, shunday sharoitda Turkiya Sharqiy Yevropa davlatlariga suyultirilgan gazni eksport qilish bo‘yicha tranzit yo‘lak vazifasini bajarmoqda. Ikki davlatning savdo-iqtisodiy aloqalari bir-biriga o‘zaro bog‘liq. Misr, shuningdek, Turkiya harbiy sanoatining yangi yutuqlariga qiziqish bildirmoqda”, – deydi Sharipov.

Ekspertlar fikri bilan video orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid