Marshal Do‘stum O‘zbekiston va Tojikistondagi harbiy samolyotlarni «Tolibon»ga qarshi bo‘lgan muxolif kuchlarga berishga chaqirdi
Shuningdek, Abdurashid Do‘stum afg‘on muxolifat kuchlarini «Tolibon»ga qarshi birlashishga chaqirdi.
Afg‘onistonlik marshal Abdurashid Do‘stum sobiq afg‘on armiyasi samolyotlari va vertolyotlarini «Tolibon»ga qarshi kurashayotgan Milliy qarshilik fronti (MQF) kuchlariga berishga chaqirdi. Hozir bu texnikalar Tojikiston va O‘zbekiston qaramog‘ida bo‘lib turibdi. Bu haqda Khaama Press xabar berdi.
Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti so‘zlariga ko‘ra, mamlakat sobiq qurolli kuchlariga tegishli qirqqa yaqin harbiy vertolyotlar bir vaqtlar O‘zbekiston va Tojikiston hududiga yuborilgan.
Shu bilan birga, Do‘stum muxolifat kuchlarini birlashishga chaqirdi, chunki uning fikricha, «Tolibon» rejimi hukmronligi uzoq davom etmaydi.
2022 yil yanvarida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan «Tolibon» radikal harakati «mamlakatdan o‘g‘irlab ketilgan samolyot va vertolyotlarni» Tojikiston va O‘zbekistondan qaytarishni talab qilgan edi.
Gap «Tolibon» Kobulni qo‘lga kiritgan paytda ba’zi afg‘on harbiy uchuvchilari tomonidan Tojikiston va O‘zbekiston hududiga olib qochilgan vertolyotlar va harbiy samolyotlar haqida ketmoqda. Avvalroq bu harbiy texnikalar AQSh harbiy-havo kuchlari tomonidan Afg‘onistonning sobiq hukumatiga sovg‘a qilingan edi.
Jumladan, Politico nashrining yozishicha, 2021 yilda Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlari uchuvchilari O‘zbekiston va Tojikistonga havo harbiy texnikasining qariyb 25 foizini, jumladan bir nechta UH-60 Black Hawk, Mi-17, Mi-25 vertolyoti, shuningdek, A-29 yengil turboparrakli qiruvchi samolyoti va S-208 turboparrakli samolyotini olib qochishgan edi.
«Tolibon» harakati ushbu harbiy texnikalarni qaytarib berishni Tojikiston va O‘zbekistondan bir necha marotaba talab qilgan.
2022 yil aprel oyida o‘zbek rasmiylari samolyot va vertolyotlar «Tolibon»ga berilmasligini ma’lum qildi. O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev harbiy texnikalar AQSh hukumatiga tegishli ekanini va O‘zbekistonda Vashington bilan hamkorlikda saqlanishini aytgan edi.
2022 yil iyun oyida AQSh Markaziy qo‘mondonligi generali Maykl Kurilya Tojikistonga tashrifi davomida ushbu harbiy texnikalar qaytarib berilmasligini aytdi.
Avvalroq, Brukings instituti (AQSh) tadqiqot o‘tkazib, Afg‘on Milliy qarshilik fronti kuchsiz ekanini, «Tolibon» rejimi uchun hech qanday xavf sola olmasligini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
22:14 / 13.11.2024
Tramp lavozim taqsimlamoqda: Pentagon jurnalistga, Maskka yangi departament
15:44 / 13.11.2024