Jahon | 21:07 / 13.02.2023
17266
2 daqiqa o‘qiladi

Sovitkich zilzilada qutqarib qolishi mumkinligi rad etildi 

Maishiy texnika og‘ir plitalarni ushlab turishi dargumon. 

Foto: Tengrinews

Ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida sovitkich (xolodilnik) zilzila paytida odamlar hayotini saqlab qolishi mumkinligi haqidagi xabar tarqaldi. Ilova qilingan suratlarda sovitkich go‘yo qulab tushgan og‘ir shiftlarni ushlab turgani tasvirlangan. 

«Turkiyada ishlayotgan FVV xodimlarimiz zilzila sodir bo‘lganda eng xavfsiz joy sovitkichning yoni ekanini ma’lum qilmoqda», deyiladi xabar matnida. 

«Mana sovitkich yaqinidagi xavfsiz joy. Men sovitkich yoni mutlaqo xavfsiz deb aytolmayman. Lekin qarang, qancha xonadonlarni ko‘rdik, shift doimo sovitkich ustida turadi. Bundan tashqari, sovitkichda ovqat va suv bor. Qayerga bormang, hamma joyda shu holat. Uning ustida 10-15 qatlam beton plita turibdi, lekin hammasini ushlab turibdi», deydi audioxabarda erkak ovozi. 

Foto: Tengrinews

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati qozog‘istonlik qutqaruvchilar bu ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlamaganini ma’lum qildi. 

«Biz Turkiyada ishlayotgan xodimlarimizdan so‘radik. Ular hech qachon bunday narsani ko‘rmagan. Balki bu boshqa viloyatlarda olingan suratlardir. Shuning uchun biz bu ma’lumotni tasdiqlay olmaymiz, shuningdek, rad eta olmaymiz», deyiladi xabarda. 

Qozog‘iston FVV vakili Ruslan Imonqulov so‘zlariga ko‘ra, sovitkich og‘ir plitalarni ushlab turishi dargumon. 

«Agar ushbu fotosuratlarga qarasangiz, sovitkich yuqoridan bu plitalarni ushlab turmaganini ko‘rishingiz mumkin. Balki beton plitalarning og‘irligi unchalik katta bo‘lmagan eng yuqori qavatlarda sovitkich nazariy jihatdan bu og‘irlikni ko‘tara olishi mumkin. Lekin, sovitgich nimadan yasalganiga qarang: ichi plastmassadan, tashqi tomoni esa yupqa metall qatlamdan iborat. U og‘ir plitalarni ushlab tura olishi dargumon», dedi u. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid