Jahon | 20:34 / 15.02.2023
27962
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Rossiya Donbassda to‘rt yo‘nalishda hujum qilmoqda

Ukraina qurolli kuchlari Baxmut atrofida «Vagner» otryadlarini to‘xtatishda qiynalmoqda, ammo Vuhledarga hujum qilgan tanklar va jangovar piyodalar mashinalari muvaffaqiyat bilan yakson etilgan.

Foto: Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiyaning Donbassda 2023 yildagi ilk yurishi ko‘rsatdiki, RF qurolli kuchlari o‘z taktik muammolarini baribir hal qila olmagan. Rossiya armiyasi hamon sifat darajasidan bir xilda emas: Ukraina qo‘shini Baxmut atrofida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari hujumlarini to‘xtata olmayapti, Kreminna atrofida havo desant qo‘shinlarining saralangan qismlariga qarshi turishda muammolarga uchramoqda, ammo Vuhledar va Mariyinka atrofida umumqo‘shin birlashmalarining hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarmoqda. Natijada Rossiyaning yurishi yagona operativ reja bilan bog‘lanmagan lokal janglarga aylanib qoldi. Va bu janglarning bari ham rus kuchlari uchun muvaffaqiyatli emas: xususan, Vuhledar atrofida Tinch okeani floti dengiz piyodalari o‘nlab texnikalaridan ayrilgan. Bunday metodlar bilan erishish mumkin bo‘lgan maksimum natija esa — Ukraina qurolli kuchlarini bahorgi qarshi hujum uchun kuch to‘plashdan chalg‘itish bo‘ladi.

Ukraina qo‘mondonligi o‘z navbatida o‘z strategiyasida sobit — G‘arbdan yangi qurol-yarog‘lar kutilayotgan vaqtda ular Rossiya qo‘shinlarini holdan toydirishga harakat qilmoqda. Maqsad — bahorda yangi kuchlar bilan katta hujum boshlash. Ammo hozirda barchasi shunga olib bormoqdaki, ayni vaqtda Rossiya tomonidagi eng samarali birlashma bo‘lib turgan, katta korpusga (bir necha o‘n ming yollanma jangchilar, og‘ir texnikalar, artilleriya va aviatsiya) ega bo‘lgan «Vagner» otryadlari hujum qilayotgan Baxmutni topshirishga to‘g‘ri keladi.

Baxmut

  • Baxmut atrofida yurish qilayotgan «Vagner» XHK shaharni shimol va janubdan o‘rab olmoqda. Shimolda Krasnaya Gora posyolkasi egallangan, bu esa Paraskoviyevkadagi ukrain qo‘shini va Baxmut — Slovyansk trassasini xavf ostida qoldiradi.
  • Janubda esa yollanma otryadlar Baxmut — Konstantinovka trassasi va Ivanovskoye (Krasnoye) posyolkasiga hujum qilmoqda. Trassada Shimoliy Don — Donbass kanali ustidan o‘tgan ko‘prik portlatilgan, shunday ekan, endilikda bu yo‘l orqali Baxmut ta’minotini amalga oshirib bo‘lmaydi.
  • Baxmutni Ukrainaning «katta yeri» bilan ishonchli tarzda bog‘lovchi yagona trassa Chasiv Yardan Xromovo orqali kelgan yo‘l bo‘lib qolmoqda. Yana bir qancha tuproqli yo‘llar bor, lekin ular orqali g‘ildirakli texnikalar harakatlanishi oson bo‘lmaydi.
  • Vagnerchilar Baxmut atrofida va uning ichkarisidagi (shahar shimolidagi Stupki stansiyasi hududida) asosiy yo‘llarga chiqishgach, Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi alohida o‘choqlarga ajralib ketdi, bu esa zaxira kuchlari hamda o‘q-dorilarni yetkazib berishni qiyinlashtirgan.
  • Ammo yurish sur’atlari Ukraina qurolli kuchlarining yirik kuchlarini qurshab olish imkonini bermaydi: yollanma jangchilar taktikasi mexanizatsiyalashgan qismlarning yorib kirishini nazarda tutmaydi, ular asosan ko‘p sonli kichik shturmchi guruhlar orqali «piyoda» bo‘lib jang qiladi. Yaqin haftalar ichida qurshovga tushib qolishning real xavfi yuzaga kelsa, Ukraina qo‘shini katta ehtimol bilan Baxmutni tark etadi. Ukraina qo‘mondonligi Mariupoldagi kabi qurshovda jang qilishni davom ettirib, bir necha brigadadan ayrilishni istamasligi tayin.
  • Xususiy harbiy kompaniya samaradorligi yo‘qotishlarga yuqori darajadagi tolerantligi bilan asoslanadi. Internetda yollanma jangchilarning shturmchi guruhlari Ukraina artilleriyasi zarbalari ostida to‘liq tarkibda halok bo‘lib, yana shunday guruhlar bilan yurish qilishda davom etilgani aks etgan o‘nlab videolar mavjud. Bunday taktikani RF qurolli kuchlari miqyosida qo‘llab bo‘lmaydi: muntazam qismlar hamon shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlarga o‘ta sezgir.

Vuhledar

  • Yanvar oyi oxirida RF Sharqiy harbiy okrugi harbiylari Vuhledarga yangi yurish boshladi — bu urushga qadar 14 ming kishi istiqomat qilgan kichik konchilar shaharchasi bo‘lib, Donetskdan g‘arbda joylashgan. O‘tgan yil bahorida Rossiya qo‘shini uni egallab olgan, ammo keyin tashlab chiqishga majbur bo‘lgandi; shundan keyin Ukraina qurolli kuchlari bu yerni mustahkam qal’aga aylantirdi.
  • Ko‘p qavatli uylar (markazda), hovlilar (sharqda) va konlardan (shimolda) iborat bo‘lgan shahar tepalikda joylashgan va harbiy nuqtayi nazardan bu yerdan turib atrofdagi tekisliklarni nazorat qilish mumkin. Bu tekisliklar bo‘ylab Donetskni Mariupol va Zaporijjya bilan bog‘lovchi yagona temiryo‘l ham o‘tadi; yo‘l Ukraina artilleriyasi zarbalari yetib borar masofada, shu tufayli foydalanilmaydi.
  • Vuhledar egallangan taqdirda Rossiya qo‘shini nazariy jihatdan janubdan Donbass bo‘ylab ichkarilash imkoniyatiga ega bo‘ladi — Ukraina qurolli kuchlarining Pokrovskdagi asosiy transport habi yo‘nalishida. 
  • Agar bu yurishni Mariyinka (Donetskdan g‘arbda ko‘p oylardan buyon ko‘cha janglari ketayotgan hudud) va Baxmut atrofidagi yutuqlar bilan sinxronlashtirish mumkin bo‘lganida, bu Kremlga nazariy jihatdan qariyb butun Donetsk oblastini egallash imkoniyatini berardi.
  • Ammo Vuhledarga hujum muvaffaqiyatsizlikka uchradi: Tinch okeani floti dengiz piyodalari Vuhledardan sharqdagi hovlilarga yetib kelishdi, ammo bu hujum qo‘shnilar — Sharqiy harbiy okrug motoo‘qchi brigadalari va Tataristondan bo‘lgan ko‘ngillilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Ukraina qurolli kuchlari dronlarida olingan videolarga ko‘ra, motoo‘qchilar kolonnasi Ukraina artilleriyasi tomonidan masofadan turib o‘rnatilgan minalar maydoniga tushib qolgan. Natijada o‘nlab texnikalar, jumladan tanklar boy berilgan.
  • Dengiz piyodalari Vuhledar sharqidagi hovlilar atrofidagi pozitsiyalarida qolishda davom etmoqda, ammo ularga yordam yetkazib berish qiyin. Ukraina qurolli kuchlari Vuhledarga qo‘shimcha kuchlar, jumladan artilleriya jo‘natgan va endi Tinch okeani floti dengiz piyodalari yorib kirishi oqibatlarini bartaraf etishga harakat qilmoqda.

Kreminna

  • Ukraina qurolli kuchlarining Luhansk oblastidagi Kreminna shahriga kuzgi yurishi yanvar oyi boshiga kelib to‘xtab qolgandi. Ukraina qo‘shinlari Kreminna janubidagi keng o‘rmonzorlarning katta qismini egalladi, ammo shaharning o‘ziga yetib bora olmadi. Natijada Lisichansk va Severodonetskkacha yorib kirish — Luhansk oblastini ozod etish rejasining ajralmas qismi — kamida bahorgacha qoldirildi.
  • Rossiya qo‘mondonligi ushbu hududga yorib kirgan ukrainlarni ortga qaytarishga qaror qilgan. Kreminnaga avval Xerson oblastida, Dniproning o‘ng sohilida nisbatan muvaffaqiyat bilan jang qilgan desant bo‘linmalari tashlangan. Bu kuchlar Liman yo‘nalishida nisbatan muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirdi. 2023 yilning dastlabki haftasida desantchilar Ukraina qurolli kuchlarini Kreminnadan bir necha kilometr ortga chekintirdi. Agar ular Torskoye va Tern hududida Jyerebets ustidan o‘tgan kechuvni egallay olishsa, ukrain qo‘shini, katta ehtimol bilan Kreminna o‘rmonlaridagi platsdarmni tashlab chekinishiga to‘g‘ri keladi.

Kupyansk

  • Rossiya qo‘shini kuzda va qishning boshlarida Luhansk oblastidagi yirik transport tuguni hisoblangan Svatovoga kirishga uringan Ukraina guruhi qanotiga hujum qilmoqda. RF qurolli kuchlari so‘nggi haftalarda Shimoliy Don daryosi bo‘yida, Ukraina qurolli kuchlari uchun muhim kechuvda joylashgan Kupyansk shahri tomon bir necha kilometr ilgariladi.
  • RF qurolli kuchlarining tezligi bu yo‘nalishda ham boshqalarida bo‘lgani kabi yuqori emas. Katta ehtimol bilan, haftasiga bir necha kilometrga oldinga siljish — Rossiya qo‘shini hozirgi holatida qodir bo‘lgan maksimum natija. Aviatsiyadan faol foydalanmasdan yurish sur’atini oshirish deyarli imkonsiz, samolyotlardan esa Ukraina havo hujumi mudofaa tizimlaridan keladigan xavf tufayli jang maydonida (Baxmut istisno) foydalanilmayapti.

Mavzuga oid