Jahon | 22:29 / 15.02.2023
26341
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya hukumati zilzila paytida binolarning qulashi sabablarini aytdi 

Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida umumiy hisobda 260 mingga yaqin bino vayron bo‘lgan. 

Foto: AP

Turkiyada yaqinda sodir bo‘lgan zilzilada tuproq bilan bog‘liq muammolar binolarning katta qismi vayron bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murot Qurum Yeni Şafak gazetasiga ma’lum qildi. 

«Binolarning aksariyati tuproq tufayli, uning maydalanib ketishi oqibatida va muhandislik xizmatlari yo‘qligi sababli vayron bo‘ldi», dedi vazir. 

Qayd etilishicha, qulagan uylar 1999 yildan oldin, halokatli zilziladan keyin qurilgan. O‘sha fojiadan so‘ng mamlakatda zilzila ehtimoli bor hududlarda qurilish qoidalari kuchaytirilgan edi. 

Qurum so‘zlariga ko‘ra, jiddiy shikastlangan binolar ko‘p va ular buzib tashlanadi. 

«Yer silkinishlari hali ham davom etmoqda. G‘oziantepdagi zararni uch kun ichida, Turkiyadagi zararni 1 hafta ichida hisoblab chiqishni rejalashtirmoqdamiz», dedi vazir. 

18 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan 1999 yildagi halokatli zilziladan so‘ng Turkiya turar joy binolari qurilishini tartibga soluvchi qoidalarni qayta ko‘rib chiqdi. Xususan, 2007 yilda zilziladan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan talablarni hisobga olgan holda uy-joy qurish kodeksi qabul qilindi. 

Qurumning aytishicha, zilzila oqibatida 211 mingdan ortiq uy-joy, 47 mingdan ortiq ma’muriy binolar vayron bo‘lgan yoki jiddiy zararlangan. Hozirgi vaqtda 300 mingdan ortiq odam uy-joyga muhtoj bo‘lib turibdi. 

6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimolida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar to‘qqiz soatlik oraliqda sodir bo‘ldi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki mamlakatda qurbonlarning umumiy soni 41 ming kishidan oshgan.

Mavzuga oid