O‘zbekiston | 20:06 / 15.02.2023
10893
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar «mahalladan vazirlikkacha» tizimi orqali davlat idoralariga biriktiriladi - prezident topshirig‘i 

Davlat idoralari yoshlarga e’tibor qaratadi va g‘amxo‘rlik qiladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Unda qayd etilishicha, o‘tgan yili 9 ming 406 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning muammolarini joyida hal etish imkoniyati yaratilgan. Natijada yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga qisqargan. Ayni paytda yetakchilarning tavsiyasi asosida yigit-qizlarga 25 ta yordam turi ko‘rsatilmoqda. 

Bundan tashqari, yosh avlodning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va bandligini ta’minlash maqsadida 14-30 yoshdagi 9 million nafar yoshlarning balansi shakllantirilgan. Bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida 5 bosqichli «Besh tashabbus olimpiadasi» o‘tkazilmoqda. 

Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni davom ettirib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi. 

Davlat rahbari bitiruvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan «Hayot maktabi» dasturini amalga oshirish tashabbusini bildirdi. 

Yoshlarni e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan to‘la qamrab olish maqsadida ular «mahalladan vazirlikkacha» tizimi orqali davlat idoralariga biriktirilishi belgilandi. 

Yoshlarga ajratilayotgan mablag‘larning shakllanishi va moliyalashtirish jarayonlarini raqamlashtirib, maqsadli yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. 

Yoshlarni yot g‘oyalar xurujidan ishonchli himoya qilish uchun muqobil axborot resurslari yaratib, boyitib borish muhimligi aytildi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid