11:17 / 16.02.2023
4305

Texasdagi savdo markazida otishma: bir kishi halok bo‘ldi

El-Paso shahridagi savdo markazida noma’lum shaxs o‘t ochdi. Kamida bir kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi yaralandi.

Foto: AP

15 fevral, chorshanba kuni Texas shtatining El-Paso shahridagi Cielo Vista Mall savdo markazining fud-kortida noma’lum shaxs tomonidan uyushtirilgan otishma oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi yaralandi.

Gumondorlardan biri qo‘lga olindi, politsiya uning ehtimoliy sherigini qidirishni davom ettirmoqda, deya xabar berdi Reuters politsiya vakili Roberto Gomesga tayanib. Serjant Gomesning so‘zlariga ko‘ra, savdo markazidagi otishma tartibsizlikka sabab bo‘lgan, «qo‘rqib ketgan tashrif buyuruvchilar qochishga tushgan».

Rasmiylar fuqarolarni voqea joyiga yaqinlashmaslikka chaqirdi, chunki u yerda otishma bilan bog‘liq hodisa hamon davom etmoqda. 

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, yaralangan ikki erkak hozir El-Paso universiteti tibbiyot markazida og‘ir ahvolda qolmoqda. Uchinchi jabrlanuvchining ahvoli haqida hozircha ma’lumot yo‘q. 

Jurnalistlar Cielo Vista Mall savdo markazi Walmart supermarketi yonida joylashganiga e’tibor qaratdi, u yerda 2019 yil 3 avgust kuni hujum qilgan shaxs 23 kishini otib tashlagan va yana yigirmadan ortiq odamni yaralagan.

Top