O‘zbekiston | 19:06 / 21.02.2023
19563
3 daqiqa o‘qiladi

«Qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam» - Baydenning Ukrainaga tashrifi nimani anglatadi?

20 fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden kutilmagan tashrif bilan Kiyevga keldi. Rossiya bosqiniga bir yil to‘lishi arafasida kelgan Bayden AQSh Ukrainaga «qancha kerak bo‘lsa shuncha» yordam ko‘rsatishini bildirdi. Kreml hozircha rasmiy munosabat bildirmagan bo‘lsa ham, rus propagandasi allaqachon tashrif Putinga yoqmagani borasida yozishni boshladi. Kun.uz muxbiri siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bilan Baydenning Kiyevga tashrifi va urush atrofidagi voqealar yuzasidan suhbatlashdi.

— Jahon matbuoti bu tashrifni kutilmagan va juda muhim deb atamoqda. Aslida ham shundaymi?

— Urush bo‘layotgan hududga AQSh prezidentlarining kelishi davlat siyosatida bu vaziyatga yoki hududga berilayotgan e’tibor o‘zining eng yuqori cho‘qqisida ekanini bildiradi. Bayden Ukrainada AQShning qo‘llab-quvvatlashini yuqori darajada urg‘ulamoqda. Bir necha kun oldin Germaniyada bo‘lgan xavfsizlikka doir yirik sammitda ham Rossiyaning Ukrainadagi urushi faqatgina imperialistik urush deb baholandi.

Urush boshlanganidan beri ehtiyotkor bo‘lgan g‘arb davlatlarning pozitsiyasi ham keskin o‘zgardi. Bir yil oldin faqat kaska bergan davlatlar bugun tanklargacha bermoqda. Muhimroq qurollar berilishidan oldin qudratli davlatlarda jamoatchilik bunga tayyorlanadi, jamoatchilik fikri shakllantiriladi.

— AQSh prezidentining tashrifi sanasiga e’tibor qilinganmi? Umuman, tashrif haqida Rossiya ogohlantirilganmi?

— Tashrif sanasi albatta muhim. Bu siyosiy o‘yinlarda vabank deyiladi, ya’ni o‘z siyosiy raqibini noqulay ahvolga qo‘yish. Putin Rossiya parlamenti va xalqiga murojaat qilishidan oldingi bu tashrif uning vaziyatini qiyinlashtirdi. Murojaatdan oldin Baydenning kelib-ketishi Rossiyaga siyosiy va ma’naviy bosim o‘laroq talqin qilinyapti. Rus propagandasi Baydenning urush bo‘layotgan vaqtda bemalol Kiyevga kelishini «tahqirlash va bizga nisbatan tarsaki» deya talqin qilmoqda.

Tashrif haqida Rossiya ogohlantirilgan bo‘lishi ehtimoli bor. Bundan tashqari, razvedka xizmatlari bunday tashriflar haqida ma’lumotga ega bo‘ladi, odatda. Rasmiy ogohlantirish bo‘lgan ham bo‘lishi mumkin. Chunki Bayden Kiyevdaligida Ukraina osmoni «no fly zone» (uchish mumkin bo‘lmagan hudud) deb e’lon qilindi. Rossiyaning o‘zi ham bunday paytda provokatsiyalardan ehtiyot bo‘ladi. Biror bir davlat rahbarini qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida o‘ldirish juda katta urushga olib kelishi mumkin. Rossiya bunga tayyor emas. Siyosatchilar qanchalik bir-birini yoqtirmasin, siyosatda ma’lum bir o‘yin qoidalari bo‘ladi.

To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid