07:33 / 25.02.2023
7211

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar bo‘yicha kelishib oldi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning Ukrainaga hujumi bir yilligi munosabati bilan 10-sanksiya paketini kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. DW Polshaning oltita sharti haqida bildi: kelajakda ular 150 nafar tashviqotchiga va Rossiya yadro sektoriga qarshi choralar ko‘rishi mumkin.

Foto: Reuters

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi bir yilligi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari Kremlga qarshi sanksiyalarning o‘ninchi paketini kelishib oldi. Bu haqda Shvetsiyaning Yevropa Ittifoqidagi vakolatxonasi 24 fevral, juma kuni kechqurun xabar berdi.

Jazo choralari ikki maqsadli buyumlar eksportini qattiq nazorat qilish, «urushni qo‘llab-quvvatlovchi, targ‘ibot-tashviqotni yo‘lga qo‘yuvchi va Rossiya armiyasiga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib beruvchi» odamlar va muassasalarga cheklovlar hamda Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi choralarni o‘z ichiga oladi. AFP agentligi manbasining ta’kidlashicha, sanksiyalar ro‘yxatiga 120 nafar jismoniy va yuridik shaxs, shuningdek, yana uchta Rossiya banki qo‘shiladi.

«Yevropa Ittifoqi Ukraina va ukrain xalqi bilan birdam. Biz Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», deb ma’lum qildi Shvetsiyaning Yevropa Ittifoqidagi vakolatxonasi Twitter sahifasida.

Yevropa Ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari bir necha kundan beri yangi sanksiyalar paketini muhokama qilmoqda. Xususan, Rossiyadan sintetik kauchuk olib kelish masalasi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Polsha qattiq cheklovlarni talab qildi, ammo mamlakatlardan biri oylik limitni kamaytirish uchun taklif qilingan mexanizmni rad etdi.

Natijada, Polsha oltita majburiy shartni bajarish asosida murosaga keldi, dedi yevropalik diplomatlar DW nashriga. Bu shartlar orasida ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda aybdorlarga nisbatan sanksiyalar, Rossiya olmoslarini olib kirishga qarshi sanksiyalar, Rossiya yadro sektoriga nisbatan cheklov choralari bo‘yicha keyingi ishlar, 150 nafar rossiyalik targ‘ibotchiga nisbatan jazo choralari jarayonini boshlash kiradi. Varshava tomonidan taklif qilingan ro‘yxat bandlaridan biri sintetik kauchuk importiga taalluqlidir: Yevropa Komissiyasi yaqin kunlarda ushbu materialni xarid qilishni diversifikatsiya qilish darajasini nazorat qilish uchun maxsus mexanizm taqdim etishi kerak, bu har chorakda tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, YeI Belarus rejimiga qarshi sanksiyalar bo‘yicha ishlarni faollashtiradi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top