07:37 / 28.02.2023
5860

Serbiya va Kosovo munosabatlarni normallashtirish rejasiga rozi bo‘ldi

Ikki davlat yetakchilari munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif qilingan kelishuvni amalga oshirishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Foto: AP

Serbiya va Kosovo yetakchilari Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif etilgan «Normallashtirishga yo‘l» kelishuvini qo‘llab-quvvatladi, biroq uni qabul qilish va amalga oshirish bo‘yicha barcha tafsilotlarni kelishish uchun mart oyida qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish talab etiladi, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel.

«Men Serbiya va Kosovo rahbarlari mas’uliyatli yondashuv va yechim topishga tayyor ekanliklarini xabar qilishdan mamnunman», dedi Borrel va tomonlar hozirgacha faqat «kelishuvni amalga oshirishni boshlashga tayyorligini bildirganliklarini» ta’kidladi, ammo keyingi muzokaralar uchun «ko‘proq ish kerak». Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki tomon keskinlikka olib keladigan va kelishuvni tuzishga xavf tug‘diradigan bir tomonlama choralar ko‘rmaslikka va’da bergan.

Kosovo bosh vaziri Albin Kurti muzokaralardan so‘ng kelishuvni 27 fevraldayoq imzolashga tayyorligini aytdi, deb xabar bermoqda Reuters. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va qo‘shimcha maslahatlashuvlar zarurligini aytdi. «Bu uzoq, mashaqqatli va zerikarli jarayon», — deya qo‘shimcha qildi u. «Biz qandaydir murosaga kelishib olamiz deb umid qilgandim, ammo janob Kurti bunga tayyor emas edi», — deya Vuchich so‘zlarini keltiradi AP.

Muzokaralardan so‘ng Borrel jurnalistlarga tomonlar kelishuv matniga rozi bo‘lganligi sababli, YeI uni nashr etishga qaror qilganini aytdi. Hujjat 11 moddadan iborat. Unda tomonlar «tenglik asosida bir-biri bilan normal, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga», «o‘z hujjatlari va milliy ramzlarini tan olishga» kelishib olishlari, «o‘zaro har qanday nizolarni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishlari» va Yevropa Ittifoqiga boradigan yo‘lda bir-birlarini to‘sib qo‘ymasliklari keltirilgan.

Mavzuga oid
Top