01:08 / 28.02.2023
7674

Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi

Qaror yillik tahlil asosida, shuningdek, Belarusdagi ichki vaziyatning jiddiyligi va Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlashi tufayli qabul qilingan.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Kengashi Belarusga nisbatan «ichki repressiya» va «Ukraina mojarosiga aralashgani» uchun joriy qilingan cheklov choralarini yana bir yilga uzaytirdi. Sanksiyalar 2024 yil 28 fevralgacha amal qiladi.

Cheklovchi choralarga Yevropa Ittifoqiga sayohatni taqiqlash va 195 kishi, jumladan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning aktivlarini, shuningdek, 34 tashkilotning aktivlarini muzlatish kiradi. Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita mablag‘ o‘tkazish taqiqlanadi, deb eslatdi YeI Kengashi. 

Bundan tashqari, Belarus maqsadli iqtisodiy sanksiyalar, jumladan moliya sektori, savdo, ikki tomonlama maqsadli tovarlar, texnologiya va telekommunikatsiyalar, energetika, transport va boshqalardagi cheklovlar ta’siri ostida qolmoqda.

Qaror yillik tahlil asosida, shuningdek, Belarusdagi ichki vaziyatning jiddiyligi va Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlashi tufayli qabul qilingan.

Yevropa Ittifoqi Kengashi, shuningdek, Belarusda fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi.

2020 yil avgust oyida, Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozongan prezidentlik saylovining rasmiy natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, Belarusda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi va u 2021 yilning martigacha davom etdi. Yevropa Ittifoqi hukumatning namoyishlarni bostirishi haqidagi xabarlar ortidan sanksiyalar joriy qildi.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi ikki maqsadli mahsulotlar, neft, ko‘mir, po‘lat va oltin mahsulotlariga ta’sir qiladigan yangi sanksiyalar paketini joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Top