O‘zbekiston | 20:20 / 03.03.2023
6999
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Senday hadli dasturi doirasida global hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi

2050 yilga borib Markaziy Osiyoda o‘rtacha yillik harorat 1.5-3 °S’ga oshishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Aleksey Kustov  davlat rahbari tomonidan Senday hadli dasturi faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha ilgari surgan takliflarining ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 mart kuni Boku shahrida Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhining sammitida ishtirok etdi.

Qayd etish joizki, davlat rahbari o‘z nutqida ta’kidlagan 2030 yilgacha tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha global platforma – Senday hadli dasturi asosida Qo‘shilmaslik harakati ishtirokchilari faoliyatini kuchaytirish zarurligi bo‘yicha tashabbus juda muhim ahamiyatga ega.

Prezident darajasida bu masalaga alohida e’tibor qaratilishi bejiz emas. Zero, hozirgi vaqtda favqulodda vaziyat va tabiiy ofat xavfi, bunday salbiy holatlardan ko‘rilayotgan iqtisodiy zarar ko‘lami oshib borishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xos xususiyatdir.

Yuqori xavf, birinchi navbatda, Markaziy Osiyoda o‘rtacha haroratning ko‘tarilish sur’ati jahon ko‘rsatkichidan oshib ketishi bilan bog‘liq. 1900 yildan buyon Er yuzida o‘rtacha harorat 1,1°S ga oshgan, mintaqamizda esa o‘rtacha yillik harorat 1,6°S yoki 13,2°S dan 14,8°S ga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, taxminlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib havo harorati yana 1,5°-3°S’ga oshishi mumkin.

Orol dengizi halokati tufayli sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar kuchliroq bo‘lib, so‘nggi 50-60 yil ichida mintaqadagi muzlik maydoni, qariyb, 30 foiz qisqarishiga olib keldi. 2050 yilga kelib muzlik sathi yana 45-60 foiz qisqarishi kutilmoqda. Bu bahorgi oqim ko‘payishi, yozgi oqim tubdan pasayishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu holatlar istiqbolda ekstremal ob-havo hodisalari – erta bahorda tog‘ ko‘llari toshishi, suv toshqini, sel, ko‘chki, shuningdek, yozgi vegetatsiya davrida qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘ini, chang-tuz bo‘ronlari tez-tez yuz berishiga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga Markaziy Osiyo mintaqasida tabiiy ofatdan yillik yo‘qotish 10 milliard dollarga yetib, iqtisodiy o‘sishni 1-2 foiz cheklab qo‘ygan.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi chora ko‘rilmasa, Markaziy Osiyo mamlakatlari suv tanqisligiga, qurg‘oqchilik, sel, qum bo‘roni holatlari ko‘payishiga duch keladi. Oqibatda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida beqarorlik yuzaga keladi, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid paydo bo‘ladi.

Aleksey Kustov

Bunday sharoitda O‘zbekiston rahbari tomonidan Senday hadli dasturi Global platformasi asosida faoliyatni kuchaytirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar juda muhim ahamiyat kasb etadi. Tez o‘zgaruvchan iqlim sharoitida ofat xavfini kamaytirish masalasini hal qilish kelajakdagi tahdid va xavfni, monitoringning yangi usullari ishlab chiqilishini hisobga olgan holda, kompleks xususiyatga ega bo‘lishi lozim.

Shu ma’noda Senday hadli dasturini izchil amalga oshirish bo‘yicha respublikamizda olib borilayotgan ishlarni alohida ta’kidlash joiz. Xususan, O‘zbekistonda “2015-2030 yillarga mo‘ljallangan tabiiy ofat xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday asoslari” maqsadiga erishish bo‘yicha strategiyani amalga oshirishga qaratilgan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi. Strategiyaning asosiy maqsadi aholi va hududlarni tabiiy ofatdan har tomonlama muhofaza qilish sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish, 2030 yilga kelib halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar sonini, shuningdek, bevosita iqtisodiy zararni sezilarli darajada kamaytirishdan iborat. Mazkur hujjat tabiiy ofat xavfini kamaytirish masalasi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligining tasdig‘idir.

Demak, tabiiy muhitda ro‘y berayotgan global o‘zgarishlar asnosida Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo barcha davlatlar sa’y-harakatini birlashtirish orqali yagona global xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatda harakatlanish salohiyatini kuchaytirish va mintaqaning barcha davlatlari bilan tezkor axborot almashish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulot o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va kelib chiqadigan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida urg‘u berilmoqda.

Ishonch bilan aytish mumkinki, aholini iqlim o‘zgarishi, tabiiy va texnogen ofatning zararli ta’siridan ishonchli himoya qilishga barcha davlatlarning umumiy hamkorligi sharoitidagina erishish mumkin. Senday hadli dasturi Global platformasi faoliyatini yanada kuchaytirish favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, iqtisodiy yo‘qotishni kamaytirish, hayotiy muhim infratuzilma vayron bo‘lishi ko‘lamini qisqartirish, shuningdek, zarur o‘zaro hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqishga yordam beradi.

Aleksey Kustov,
Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid