O‘zbekiston | 20:22 / 04.03.2023
33388
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonga tovar import qilishda hushyorlikka chaqirdi

AQSh Savdo vazirligi va Moliya vazirligi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etdi. 

Foto: uzbektourism.uz

Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi urush sababli Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalarni joriy qildi va ularni chetlab o‘tishga qarshi qat’iy choralarni ko‘rmoqda. Ammo baribir sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlari yuz beryapti. Bu haqda AQSh Savdo vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan tuzilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyanomalarda aytilgan. 

Departamentlar Amerika mahsulotlari yoki cheklovlarga duchor bo‘lgan boshqa tovarlar bilan savdo qiluvchi kompaniyalarni, birinchi navbatda, hushyor bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, sanksiyalar buzilishi belgilari mavjud bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishni tavsiya qildi. 

Sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinish bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadigan belgilar ( «qizil bayroqlar») quyidagilar:

  • xaridor tomonidan mahsulotdan nima maqsadda foydalanmoqchi ekani haqidagi ma’lumotni berishni istamasligi, shu jumladan maxsus hujjatni to‘ldirishdan bosh tortishi;
  • xalqaro bank o‘tkazmalari uchun qalbaki kompaniyalaridan foydalanish;
  • sotib olingan tovarlarni o‘rnatish, o‘rgatish yoki texnik xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish;
  • mijozning IP-manzili va u tomonidan ko‘rsatilgan manzil o‘rtasidagi farq;
  • Internetda kam tavsiflangan yoki umuman notanish tashkilotlar bilan operatsiyalar;
  • tovarlarni Xitoy (shu jumladan Honkong va Makao), shuningdek, Rossiyaga yaqin bo‘lgan boshqa mamlakatlar - Armaniston, Turkiya, O‘zbekiston orqali yetkazib berish;
  • xaridorga aloqador bo‘lmagan kompaniyadan to‘lovni qabul qilish va boshqalar. 

Qayd qilinishicha, 2023 yilning uch haftasida AQSh Moliya vazirligining Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashuvchi FinCEN bo‘limi banklarning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga doir urinishlari bo‘yicha 100 dan ortiq xabar olgan. Bloomberg xabariga ko‘ra, shuncha miqdordagi xabar o‘tgan ikki yil davomida olingan edi. Xabarlar sonining keskin oshishi AQSh rasmiylarining xabar yetkazuvchilarni mukofotlash va’dasi bilan bog‘liq - ular sanksiyalarni buzganlik uchun rasmiylar undiradigan jarimaning 10 dan 30 foizigacha mukofot olishi mumkin. 

Avvalroq, Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ijrosi bo‘yicha xalqaro maxsus vakili Devid O'Sallivan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishi va ularning amalda ekaniga ishonch hosil qilish muhimligini aytgan edi. 

«Mening vazifam uchinchi davlatlar, qo‘shnilarimiz va boshqa davlatlar bilan bu sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyati bor-yo‘qligini muhokama qilishdir», dedi siyosatchi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga eksport hajmini oshirayotgan davlatlarga Yevropa Ittifoqi eksportining «shubhali» o‘sishi qayd etilgan. O'Sallivanning ta’kidlashicha, bu nimadir noto‘g‘ri ketayotganini ko‘rsatishi mumkin. Misol tariqasida u Serbiya, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarini ko‘rsatdi. 

«Gap bu mamlakatlarni tanqid qilish emas, balki ular bilan yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilishda. Ittifoqchilarimizdan farqli o‘laroq, bu davlatlar sanksiyalarga qo‘shilmaslik yo‘lini tanladi, lekin ular sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishni istamasligini aytdi. Biz ularning o‘z va’dasiga amal qilayotganini tekshiramiz, nima bo‘layotganini, qanday choralar ko‘rilayotganini o‘rganamiz», dedi O'Sallivan sanksiyalarni chetlab o‘tish jinoyat ekanini eslatib. 

Mavzuga oid