15:27 / 04.03.2023
5125

Britaniyaning “Standard Chartered Bank”i O‘zbekistonga kirmoqchi 

“Standard Chartered Bank” O‘zbekiston bozorida eksportni moliyalashtirish bo‘yicha mahsulotlarini ilgari surish va milliy kapital bozorini rivojlantirishda ishtirok etmoqchi. Hukumat bank vakillari bilan hamkorlik masalalarini kelishib oldi. 

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Buyuk Britaniyaning “Standard Chartered Bank”i O‘zbekistonga kirmoqchi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.  

Ma’lum qilinishicha, 2 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Hamidov va “Standard Chartered Bank” (Buyuk Britaniya) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.  

Unda  bankning O‘zbekistondagi joriy faoliyati va iqtisodiyotning metallurgiya, energetika va infratuzilmani rivojlantirish kabi ustuvor tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirishga uning investitsiyalarini jalb qilish istiqbollari muhokama qilingan.  

“Tomonlar, shuningdek, “Standard Chartered Bank”ning O‘zbekiston bozorida eksportni moliyalashtirish bo‘yicha mahsulotlarini ilgari surish va milliy kapital bozorini rivojlantirishdagi ishtirokining amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar”, – deyiladi rasmiy xabarda.  

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaliy kelishuvlarga erishish maqsadida muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan.  

Ma’lumot uchun, “Standard Chartered Bank” 1969 yilda Londonda tashkil etilgan. Asosiy faoliyatini Sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlarida olib boradi. 2020 yil oxirida uning moliyaviy aktivlari 789,1 milliard dollarni tashkil qilgan.  

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda  “Standard Chartered Bank” Sirdaryodagi IES qurilishi loyihasiga kredit berishi ma’lum qilingan.  

Loyiha qiymati 1,2 milliard dollar bo‘lib, shundan 747 million dollari Xalqaro taraqqiyot banki va xorijiy xususiy tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlardir. Kreditorlar qatorida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotining Xalqaro taraqqiyot fondi, Germaniya investitsiya korporatsiyasi, “Standard Chartered Bank” (Buyuk Britaniya), Natixis (Fransiya), Societe Generale (Fransiya, Xitoy banki borligi aytilgandi.

Top