Jahon | 19:14 / 05.03.2023
34462
5 daqiqa o‘qiladi

«Biz frontdagi sementmiz» – Prigojin «Vagner» Baxmutdan chekinsa, Qrim ham qulashini aytdi

Rossiyadagi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi, Putinning sobiq oshpazi Yevgeniy Prigojin videomurojaat e’lon qilib, yana o‘qdori yetishmovchiligidan nolidi.

Yevgeniy Prigojin

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Vanger» ayni damda jang maydonidagi asosiy kuch hisoblanadi: «Hozir «Vagner» Baxmutdan chekinsa, butun front parchalanadi. «Vagner» [jang maydonidagi] sement hisoblanadi. Birinchidan, biz Ukraina armiyasiga boshqa hududlarga e’tibor qaratishga imkon bermay, ularni qiryapmiz. Boshqa tomondan esa oldinga siljiyapmiz. Shuningdek, boshqalar ham bizning ortimizdan oldinga siljishga majbur. Kamida o‘z nomi va yuzini saqlab qolish uchun. Chunki ular «demak buni eplasa bo‘larkan» deb o‘ylamoqda. Jangda stereotiplarni parchalash juda muhim», deydi Prigojin.

Putinning sobiq oshpazi «Vagner» chekinadigan bo‘lsa, butun Rossiyadagi harbiy idoralar uchun qiyin kunlar boshlanishini taxmin qildi: «Hozir «Vagner» [Baxmutda] to‘xtasa, voqealar rivoji quyidagicha bo‘ladi: front parchalanadi, Rossiya chegaralarigacha parchalanadi, hatto undan chuqurroqqacha ham. Umuman olganda, Rossiya ichidagi mamlakat manfaatlariga xizmat qiluvchi harbiy tuzilmalar uchun qiyin kunlar boshlanadi.

«Vagner»ni esa Baxmutdan chekinadigan bo‘lsa, tarixda shunday eslashadi: Prigojin boshchiligidagi yollanma harbiylar guruhi Putinni o‘zining muhim bo‘linma ekaniga ishontira oldi. Aslida bizni vaziyat qiyinlashgan vaqtda o‘zlari chaqirishdi, lekin men aytgan voqea bo‘lsa, aynan «ishontirgan» deb eslashadi.

Keyin esa butun Ukraina armiyasini Baxmutda to‘plagan «Vagner» «LXR» rahbariyati, Mudofaa vazirligi yoki Moliya vazirligi bilan pul yoki boshqa nimadir bo‘yicha kelisha olmay qoldi deyishadi. Oqibatda «prujina effekti» ishga tushib, «Vagner» chekindi-da, bundan vajohati jo‘shgan Ukraina armiyasi qanotlardan, markazdan «LXR»ga yorib kirib, Rossiya hududigacha boradi, Qrim qulaydi va shunga o‘xshash narsalar aytiladi», degan Prigojin.

«Vagner» askarlari ko‘p marta o‘qdori va qurol-yaroq yetkazib berishda muammolar sabab Rossiya Mudofaa vazirligiga murojaat qilib chiqqan, hatto ochiqchasiga shtab boshlig‘i Gerasimovni haqorat qilgandi. Prigojin ham snaryadlar yetishmovchiligi sabab Gerasimovni tanqid qilgan, armiyada tartib o‘rnatishga urinishi uchun shtab boshlig‘ini olifta deb atagandi.

Prigojin bu murojaatini ham yana snaryadlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammoga olib borib taqadi: «Shu bois yana takrorlamoqchiman, «Vagner» hozirda frontdagi sement hisoblanadi. Biz hozir chekinadigan bo‘lsak, tarixga urushdagi mag‘lubiyat tomon ilk qadamni tashlagan odamlar sifatida kiramiz. Va mana shu o‘rinda snaryad yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammo yuzaga chiqadi».

Rossiya armiyasi Bosh shtabi qo‘mondoni va ayni damda ruslarning Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlari qo‘mondoni Valeriy Gerasimov armiyada nazorat o‘rnatish kerakligini ta’kidlagani, askarlar doim soqoli va tirnog‘i olingan, harbiy formada bo‘lishi kerakligini aytgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Prigojin esa bunga munosabat bildirar ekan, «armiyani oliftalashtirish uchun» 50 yil qamash taklifini ilgari surgandi.

Navbatdagi murojaatida ham Prigojin o‘sha ta’nasini tilga olib, askarlarning tashqi ko‘rinishiga urg‘u berib gapirdi: «Hozir mening fikrimni qo‘yaturaylik, oddiy askarlar nima deydi, bilasizmi? Ha, o‘sha tirnog‘i shilingan, soqoli o‘sib ketgan, qo‘li betartib turgan oddiy askar mening oldimga keladi-da, o‘rtoq direktor, bu muammoni Mudofaa vazirligining yuqori doiralarida, balki undan ham yuqoriroqda hammasiga bizni aybdor qilib ko‘rsatish uchun o‘ylab chiqarishmayaptimikin? Balki shu uchun bizga o‘qdorilar berishmayotgan, yangi askarlar bilan, xususan mahbuslar orasidan, safimizni to‘ldirish imkonini berishmayotgandir, deb shubhalanadi», degan Prigojin qorong‘i joyda turib yozgan videomurojaatida.

Ayni damda Rossiya armiyasi Ukrainaning Baxmut shahrini bosib olish uchun jang olib bormoqda. Bu shaharga asosan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangarilari hujum qilmoqda. Amerika Urushni o‘rganish instituti tahlillariga ko‘ra Rossiya Baxmut yo‘nalishida juda katta yo‘qotishlarga uchramoqda va yaqin orada ruslar shaharni o‘rab olishi haqida gapirishga asos yo‘q.

Mavzuga oid