10 mlndan 250 mlngacha – xotin-qizlar kuniga qaysi tuman qancha pul sarflamoqchi?
Hududlarda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash uchun mahalliy budjetdan mablag‘lar ajratilmoqda. Bayramni tashkillashtirishga qaysidir hokimlik 15-20 mln so‘m rejalashtirgan bo‘lsa, ayrimlari yuz millionlab pul sarflamoqda.
Bayramga budjetdan “pul sochish” bo‘yicha Andijon shahri hokimi “yetakchilik” qilmoqda. Respublikadagi aksariyat tuman va shahar hokimlari bu maqsad uchun o‘rtacha 40-50 mln so‘m ajratgan.
Andijon shahri – 250 mln so‘m
Andijon shahar hokimining 2023 yil 2 martdagi qarori bilan zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramini nishonlash uchun 250 mln so‘m ajratilgan. Hokimning ayni shu qarori bilan shahardagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabining sport zali uchun kerakli jihozlarni sotib olishga esa 129 mln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Uchtepa tumani – 193 mln so‘m
Poytaxt tumanlari hokimlari ham Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlashda “saxiylik” qilmoqda: Uchtepa tumani hokimi farmoyishi bilan zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qariyb 200 mln so‘m ajratgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, ushbu mablag‘ga bayram tadbiri o‘tkaziladi hamda sovg‘alar xarid qilinadi.
Do‘stlik tumani – 125 mln so‘m
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani hokimligi ham bu borada “yuz millionchilar” qatorida: tuman hokimi qarori bilan bayramni nishonlash, bayram dasturxoni tayyorlash va esdalik sovg‘alari olish uchun 125 mln so‘m ajratilgan.
Toyloq tumani – 112 mln so‘m
Samarqand viloyatining Toyloq tumani hokimligi ham xotin-qizlar bayramiga 100 mln so‘mdan ortiq pul sarflamoqchi bo‘lgan hokimliklardan biri hisoblanadi. Tuman hokimining 2023 yil 3 martdagi qarori bilan bayramni o‘tkazishga 112 mln so‘m ajratilgan.
Buloqboshi tumani – 30 mln so‘m
Andijon viloyati Buloqboshi tumani hokimi hamkasbi – Andijon shahri hokimidan farqi ravishda bayramda esdalik sovg‘alari sotib olish xarajatlariga 30 mln so‘m ajratgan.
Mo‘ynoq tumani – 25 mln so‘m
Bayramni nishonlash uchun boshqa hududlarga nisbatan kam mablag‘ ajratgan hududlardan yana biri Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidir. Tuman hokimining qarori bilan bayram dasturxoni tuzatish va hududdagi faol xotin-qizlarni esdalik sovg‘alari bilan taqdirlash uchun 25 mln so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.
Urganch shahri – 15 mln so‘m
Xorazm viloyati markazi – Urganch shahri hokimligi xotin-qizlar bayramiga 15 mln so‘m sarflamoqchi. Hokimlik bu pulga bayram tadbirini o‘tkazishni maqsad qilgan. Bu ham respublikada bayram uchun eng kam mablag‘ ajratilgan hududlardan biri.
Amudaryo tumani – 12 mln so‘m
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani hokimi bayramni nishonlash uchun eng kam mablag‘ ajratgan hokimliklardan biri: hokimning tegishli qarori bilan Xalqaro xotin-qizlar kuniga 12 mln so‘m, Navro‘z bayramini o‘tkazish uchun esa 85 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Quvasoy shahri – 10 mln so‘m
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahri hokimligi xotin-qizlar bayrami uchun eng kam pul ajratgan hokimlik hisoblanadi: shahar hokimining qarori bilan bu maqsad uchun 10 mln so‘m ajratish belgilangan. Ushbu mablag‘ga shahardagi ehtiyojmand xotin-qizlar, nuroniy onaxonlar, yakka-yolg‘iz keksa ayollarning holidan xabar olish, ularga esdalik sovg‘alari ulashish va bayram tadbirini o‘tkazish reja qilingan.
Qolgan tuman va shaharlar ham zaxira jamg‘armasi mablag‘laridan Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlashga 30 mln so‘mdan 70 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda pul ajratgan.
Mavzuga oid
11:32 / 07.03.2023
Kamroq huquq va maosh, lekin ko‘proq muammo. Xotin-qizlarni qiynayotgan masalalar haqida
11:34 / 06.03.2021
Shavkat Mirziyoyev: «Farzandlarga mukofot berish to‘g‘ri albatta, lekin onalarni ham unutmasligimiz kerak»
11:25 / 06.03.2021
«Turmush masalasiga yuzaki qaramang». Prezident yoshlarga murojaat qildi
11:15 / 06.03.2021