13:14 / 06.03.2023
10652

Tanzila Norboyeva Qatarga tashrif buyurdi

BMTning kam rivojlangan mamlakatlar bo‘yicha yuqori darajadagi 5-konferensiyasida ishtirok etish uchun Qatarda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ushbu davlat Sho‘ro Kengashi (Maslahatlashuv kengashi) Raisi Hasan bin Abdulla al-G‘anim bilan uchrashdi.

Foto: Senat.uz

Uchrashuvda O‘zbekiston – Qatar munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash hamda tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligi muhokama qilindi. Uchrashuv chog‘ida qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Delegatsiyalar almashinuvi orqali parlamentlar, qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari rahbarlari darajasida muloqotni faollashtirish, parlamentlararo tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni mustahkamlash, harakatlarni muvofiqlashtirish xamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish shular jumlasidandir.

Turli sohalardagi hamkorlikni nazarda tutuvchi ikki tomonlama hujjatlarni ratifikatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha muloqotlar izchilligini ta’minlash va ularning birgalikdagi monitoringini olib borish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

— Biz Qatar parlamenti bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri deb, hisoblaymiz. Parlamentlararo muloqotimizni faollashtirishda «do‘stlik guruhlari» muhim o‘rin egallaydi. Qatar Maslahat Kengashida 2022 yil mart oyida «Qatar-O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi ta’sis etilganini mamnuniyat bilan qabul qildik. Do‘stlik guruhlarimiz o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish tarafdorimiz, — deya ta’kidladi Senat Raisi.

Hasan bin Abdulla al-G‘anim Qatar uchun O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Bu borada ikkala davlatning mushtarak say-harakatlarini birlashtirishda parlamentlararo aloqalarni yangi darajada mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Konstruktiv va amaliy ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Qatar hamkorligining boshqa yo‘nalishlari, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya hamda madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Qatar tomoni mamlakatlar o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish yuzasidan takliflarini bildirdi. 

Top