6-7 mart kunlari Toşkentda “Jadidlarning ma’rifiy faoliyati: ğoyalari, maqsadlari, vazifalari va Turkiston taraqqiyotiga qöşgan hissasi” nomli halqaro konferensiya bölib ötdi. Unda barça turkiy davlatlar hamda AQŞ, Rossiya, Şvetsiya, Germaniya fuqarolari iştirok etdi.
Keyingi yillarda Özbekiston davlati va jamiyati jadidlar fenomeniga katta e’tibor bermoqda, örganmoqda, öylanmoqda. Xöş, nega?
Nazarimda, jadidlar fenomeni orqali Özbekiston xalqi, davlati va özbek degan turkiy-musulmon özlik, katta bir davrni va katta bir makonni tahlil qilib körmoqçi.
20-asr, dunyo turkiylari, jumladan özbeklar uçun ham, oğir davr böldi, mustamlakalik davri böldi, yöqotişlar va mağlubiyatlar davri böldi. Aslida, bu fojia 19-asrning örtalarida boşlangan edi, inqiroz esa ança oldin boşlangan edi.
Bugun, Özbekiston, mustaqil davlat va millat sifatida, yaqin ötmişga, Qodiriy tilida aytganda “moziyga qaytib”, öşa davrga xayolan safar qiliş, undagi muammolarni anglaş va ularga yeçim izlaş fursati keldi.
Özbekistonning zamonaviy tafakkurida, ötmişimizga va özligimizga nisbatan fundamental şubhalar, işonçsizliklar, salbiy qaraşlar şakllantirildi. Mustamlakaçilik, tabiiyki: “Sening ahvoling öta oğir edi, biz kelib, seni odam qildik” dedi.
Şuning uçun, mustamlakaçilik nazorati ostida, şonli tarix unuttirildi, ötmişdagi muammolar esa börttirildi. Aynan şuning uçun ham, tarixi orqali özligi, demakki, kelajagi ham qisman jarohatlangan millatmiz. Ötmişni yaxşi biliş, bizga ötmişdagi xatolarni biliş imkoniyatini beradi. Qolaversa, ötmişdagi salohiyatimizni biliş va his qiliş imkoniyatini yaratadi.
Özbekiston davlatçiligi, ötmişimizga, demakki, kelajagimizga nisbatan ham şubha va gumonlar bilan töyintirilgan tariximizni xolis örganiş borasida, katta işlar qilişi kerak. Özbekistonda juda yirik tarixçilar qatlami işlaşi kerak. Tarixçilarimiz, milliy tafakkurimizni muolaja qilişda, işonçni öziga qaytarişda – katta rol öynaşi kerak.
Tariximiz – uzun, ziddiyatli, şon-şaraflar va fojialar bilan tölib toşgan. Lekin hozirda tariximiz haqidagi bilganlarimiz, nazarimda, juda yuzaki va ança bir yoqlamadek körinadi.
Jumladan, imperializm tomonidan yozilgan tarixga köra, yaqin ötmişda turkiy xalqlar va mutafakkirlar muttasil özaro nizolarda bölişgani singdiriladi. Çor Rossiyasi va sovetlar – xaloskor sifatida tasvirlanadi.









