O‘zbekiston | 22:22 / 08.03.2023
53512
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik jurnalist Toshkentda vafot etdi

U Toshkentdagi kvartirasida jonsiz holda topilgan.

© Dmitriy Feoktistov/ TASS

Rossiyaning «Byulleten kinoprokatchika» nashri bosh muharriri, 37 yoshli jurnalist Aleksandr Nechayev Toshkentda vafot etdi. Bu haqda jurnal Telegram-kanalida xabar qilingan.

«Byulleten kinoprokatchika» bosh muharriri Aleksandr Nechayevning bevaqt o‘limini cheksiz qayg‘u bilan ma’lum qilamiz. Sasha o‘tkir zehnli, ochiqko‘ngil, professional va iste’dodli odam edi. Biz nafaqat hamkasbimizni, balki xotiramizda abadiy qoladigan yaqin do‘stimizni ham yo‘qotdik», deyiladi xabarda.

Nechayevning yaqinlari TASS nashriga «o‘lim sababi hozircha ma’lum emasligi»ni aytishgan.

Nechayevning do‘sti va hamkasbi Denis Korsakov esa Facebook sahifasida jurnalistni Toshkentdagi kvartirasida jonsiz holda topishgani haqida yozgan. Nechayev O‘zbekistonga bir necha oy oldin kelgan bo‘lib, aprel oyida Moskvaga qaytishni rejalashtirayotgandi.

4 mart kuni u bilan gaplashgan Korsakovning aytishicha, uning so‘nggi xabari Toshkent haqida bo‘lgan: «Bu shaharni sevmaslikka sabab yo‘q».

«Dushanba kuni u messenjerdagi xabarlarga va qo‘ng‘iroqlarga javob qaytarmay qo‘ydi. Kechqurun u kinobiznes to‘g‘risidagi yirik nashr bo‘lmish „Byulleten kinoprokatchika“ jurnalining (u bosh muharrir edi) navbatdagi sonini topshirmadi. Bunaqasi avval hech qachon bo‘lmagan: Sasha o‘z ishiga katta mas’uliyat bilan yondashardi. Seshanba kuni Toshkentda yashaydigan tanishlarni topib, tekshirib ko‘rishgan. Ular ijaraga olingan kvartiraga uy egasi va politsiya bilan borishgan, eshikni ochishgan va Sashani jonsiz holda topishgan. Hozircha unga nima bo‘lgani noma’lum. Balki, bu yuragi tufaylidir», — degan u.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jurnalist o‘limi yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi.

O‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Natijalari haqida qo‘shimcha xabar qilinishi qo‘shimcha qilingan.

  • Nechayev 1986 yilda Saratov oblastining Marks shahrida tug‘ilgan. «Komsomolskaya pravda»ning Saratovdagi filialida ishlagan, 2008 yilda Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Keyinroq kino mavzusiga ixtisoslashgan «Rossiyskaya gazeta» uchun yozgan.
  • «Byulleten kinoprokatchika» - Rossiya kinobozori haqidagi Metropolitan Media agentligining axboriy resursi hisoblanib, 2003 yilda tashkil etilgan. 

Mavzuga oid