Jahon | 07:56 / 08.03.2023
4675
3 daqiqa o‘qiladi

Tbilisidagi namoyish ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlar bilan tarqatildi

Gurjiston Ichki ishlar vazirligi «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi namoyishchilarni maxsus vositalardan foydalanish bilan tahdid qilib, tarqalishga chaqirdi. Keyin maxsus kuchlar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan.

Foto: AP

Gurjiston maxsus kuchlari 7 mart, seshanba kuni Tbilisidagi parlament binosi oldida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishiga norozilik bildirgan miting ishtirokchilariga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalandi.

Chet el agentlari haqidagi qonun qabul qilinishiga qarshi chiqqan muxolifat mitingi bir necha soatdan beri davom etmoqda. Parlament oldidagi maydonga bir necha ming muxolifatchi yig‘ildi, deb xabar beradi «Interfaks». Rustaveli prospektida namoyishchilar politsiyaga Molotov kokteyli uloqtirishdi. Videolar Telegram-kanallar tomonidan e’lon qilingan. Yong‘in suv purkagichlar bilan o‘chirildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Gurjiston Ichki ishlar vazirligi norozilik aksiyasi zo‘ravonlikka aylanganini da’vo qilgan bayonot berdi. Uning ishtirokchilari, idora ma’lumotlariga ko‘ra, parlamentga kirish yo‘llaridan birini to‘sishga uringan va «vazirlik xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik» qo‘llagan. «Agar ishtirokchilar politsiyaning qonuniy talablariga bo‘ysunmasa va huquq-tartibot xodimlariga qarshilik ko‘rsatsa, politsiya qonunda belgilangan mutanosib kuch, jumladan, maxsus vositalarni qo‘llaydi», — deya hujjatdan iqtibos keltirgan «Gruziya Online».

Avvalroq ko‘pchilik deputatlar birinchi o‘qishda «chet el agentlari»ni ro‘yxatga olish haqidagi – «Chet el ta’sirining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun loyihalaridan birini qo‘llab-quvvatladi, unda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining bir qismi «chet el agentlari» deb e’lon qilingan. Dastlab bu qonun loyihasi 9 mart kuni ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan edi, biroq kutilmaganda kechagi kun tartibiga kiritildi. «Novosti-Gruziya» xabariga ko‘ra, munozara muxolifatning ishtirokisiz boshlangan.

Bahsli qonun loyihalari Gurjiston parlamentiga «Xalq kuchi» jamoat harakati tomonidan kiritilgan. U mamlakatda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi va maqsadlaridan biri sifatida «liberal mafkura targ‘iboti» va «G‘arbning Gurjiston ni urushga tortish istagi»ga qarshi kurashni belgiladi. Qonun loyihalarini «Xalq kuchi» bilan birgalikda parlamentdagi mutlaq ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lgan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid