19:16 / 09.03.2023
40914

O‘smir qizni o‘g‘irlashga uringan sobiq IIB xodimi qo‘lga olindi

Samarqand shahrida 14 yoshli qizni o‘g‘irlashga uringan shaxs qo‘lga olingan. U ichki ishlar idoralarida ishlab kelgani aytilmoqda.

Voqea guvohlarining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, holat kunduzi sodir bo‘lgan va baxtli tasodifgina qizaloqni mudhish falokatdan asrab qolgan.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, 8 mart soat 08:00 lar atrofida 1985 yilda tug‘ilgan shaxs Samarqand shahri Dahbed ko‘chasidagi o‘quv markazi yonida turgan o‘smir qizga o‘zini kirakash deb tanishtirgan. U qizni uyiga olib borib qo‘yishini aytib, mashinasiga mindirgan, biroq mashinani noma’lum tomonga boshqarib ketgan. Qiz tushib qolishga harakat qilganida, haydovchi mashinani ichkaridan qulflab olgan.

Holat yuzasidan qizning yaqinlari huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Samarqand viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sagdullayev holat yuzasidan Kun.uz muxbiriga ma’lumot berdi.

«Toyloq tumanida istiqomat qilib kelgan bu shaxs mashinani Oqdaryo tumani «Boshdarxon» MFY, Yangi obod qishlog‘igacha boshqarib borgan. Shu joyga yetganida mashina g‘ildiragi yorilgan. U mashinadan tushib, g‘ildiraklarga qarayotgan vaqtda qiz qochib qolishga ulgurgan va shu yerda bo‘lgan fuqarolardan yordam so‘ragan.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchi S.U. ekani aniqlanib, qo‘lga olingan. Unga nisbatan JKning 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qamoqqa olingan», dedi viloyati IIB rasmiysi.

Jahongir Sagdullayev gumonlanuvchi S.U. haqiqatan ham ichki ishlar idoralarida ishlab kelganini tasdiqlab, ayni vaqtda lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi.

Isomiddin Po‘latov tayyorladi,

Tasvirchi va montaj ustasi Faxriddin Hotamov.

Top