Samarqand shahrida yashovchi erkak O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanib, jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, E.X. O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida faoliyat olib borib, 2011 yil nafaqaga chiqqan. U O‘zbekiston hududida SSSRni qayta tiklash bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari bilan faol tarzda shug‘ullanib kelgan.

Jumladan, Telegram’dagi “Uzbekskaya SSR/SSSR” guruhiga a’zo bo‘lib, u yerda o‘zi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi yuzaki ekanligi, hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga kirgan 15 ta respublika AQSh yordamida o‘zboshimchalik bilan mustaqilligini e’lon qilganligi va tez orada sobiq ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qo‘shilishlari” to‘g‘risidagi fikrlar keltirilgan materiallarni joylashtirgan.

2024 yil 6 mart kuni “Uzbekskaya SSR/SSSR” guruhi ko‘zdan kechirilganida E.X. tomonidan SSSRni qayta tiklash yuzasidan ko‘plab video va audio materiallar joylashtirilganligi aniqlangan. Kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, E.X. tomonidan joylashtirilgan materiallarda O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirish, buzishga ochiqdan ochiq da’vat qiluvchi g‘oyalar mavjudligi keltirilgan.

Sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida 2021 yil internet tarmog‘ida SSSR fuqarolarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida Rossiya fuqarosi Oleg Turishkinning ma’ruzasini eshitib qolganligini aytadi.

Uning gaplariga ishonib, tez-tez eshitib yuradigan bo‘ldim. Telegram orqali Oleg Turishkin bilan o‘zaro suhbatlashdim ham. Suhbatimizda u “SSSR fuqaroligidan chiqish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganmisiz”, deya so‘radi. Yo‘q dedim. Shunda Oleg Turishkin “Siz haqingizdagi ma’lumotlar bizda bor” deya meni “Gos.reyestr SSSR” nomli guruhga qo‘shib qo‘ydi. Oradan ozroq vaqt o‘tib Oleg Turishkin menga “SSSR fuqarosi” haqidagi guvohnomani pochta orqali jo‘natib yubordi.

2022 yil YouTube’da “Prosvesheniya” nomli guruhga a’zo bo‘ldim. U yerda guruh a’zolari bilan SSSRni qayta tuzish bo‘yicha va SSSR davridagi turli munozarali, tarixiy voqealar to‘g‘risida gaplashib turdim. Jarayonda Aleksey Ivanovich ismli bloger bilan tanishdim”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.

Ushbu tanishuvdan so‘ng E.X. Aleksey Ivanovichning taklifiga ko‘ra 2023 yil 3 yanvar kuni samolyotda Samarqanddan Moskvaga borgan. 4 yanvar kuni Moskva shahri Tsaritsina shaharchasidagi restoranlardan birida Aleksey Ivanovich orqali tanishgan kishilar – “Generalnyy TsK VKPb”ning sekretari SHCHipkov Yuriy Alekseyevich va uning yordamchisi bilan ko‘rishib, gaplashgan. Ular SSSRni qayta tuzmoqchiligini, buning uchun tarafdorlar yig‘ayotganligini, ushbu davlat hali qonunan tarqalmaganligini, Iosif Stalin davridagi Konstitutsiya va qonunlarga qaytishini, 15 davlatni qonuniy yo‘llar orqali tez yillarda birlashtirishlarini aytgan.