08:09 / 10.03.2023
7464

Gurjistonda «chet el agentlari» haqidagi qonun qaytarilganidan keyin ham namoyishlar davom etyapti

Minglab odamlar yana Tbilisi markazida norozilik namoyishiga to‘planishdi. Muxolifat hukumatdan Gurjistonning g‘arbparast yo‘l tutishiga kafolat talab qilmoqda.

Foto: AP

Gurjistonda «chet el agentlari» haqidagi bahsli qonun loyihasi qaytarib olinganiga qaramay, hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda. 9 mart, payshanba kuni minglab odamlar yana Tbilisi markazida norozilik aksiyasiga yig‘ildi. Namoyishchilar Gurjiston, Ukraina va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ushlab turishgan.

Muxolifat o‘z tarafdorlarini Gurjiston g‘arbparast yo‘l tutishiga kafolat olmaguncha namoyishlarni davom ettirishga chaqirdi. Avvalroq Gurjistonning hukmron partiyasi Rossiyadagi xuddi shunday qonunga o‘xshab ketadigan va u yerda o‘zgacha fikrni bostirish uchun qo‘llanadigan qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olgan edi. Hujjatni qaytarib olish to‘g‘risidagi qaror zo‘ravonlik va o‘nlab muxolifat vakillarining hibsga olinishi bilan kechgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida qabul qilingan.

Parlament 7 mart kuni bahsli qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Parlamentdagi ko‘pchilik yetakchisi Mamuka Mdinaradze 9 mart kuni uning sheriklari hujjatni ikkinchi o‘qishda bekor qilishiga va’da berdi. Unga ko‘ra, parlament spikeri Shalva Papuashvili allaqachon Venetsiya komissiyasiga «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarib olish to‘g‘risida xat yuborgan.

«Biz insonlarning salomatligi va hayotiga xavf tug‘dirmaslik uchun qonun loyihasini qaytarib olishga qaror qildik. So‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan harakatlar bilan bog‘liq shunday xavflar bor edi», - dedi Mdinaradze. So‘nggi kunlardagi tartibsizliklar natijasida o‘nlab politsiyachilar yaralangan, 70 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan.

9 mart kuni Gurjiston Ichki ishlar vazirligi 7 va 8 mart kunlari «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik aksiyalarida ma’muriy huquqbuzarlik uchun qo‘lga olinganlarning barchasi ozod etilganini ma’lum qildi.

Avvalroq «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini keskin tanqid qilgan Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ushbu hujjatning parlamentdan qaytarilishini namoyishchilarning muvaffaqiyati deb atadi. «Men hamjamiyatni birinchi muvaffaqiyati bilan tabriklamoqchiman. O‘zini eshitishga majburlagan odamlar bilan faxrlanaman», dedi u rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Nyu-York shahridan yo‘llagan telemurojaatida.

Gurjistonning hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi avvalroq qonun loyihasini parlamentdan so‘zsiz qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Partiya qonun loyihasining «yomon, chalg‘ituvchi» ekanligini ta’kidlab, uning ma’nosini jamoatchilik bilan muzokaralarda yaxshiroq tushuntirishga va’da berdi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, xorijiy moliyalashtirish ulushi 20 foizdan ortiq bo‘lgan barcha tashkilotlar yuqori jarima yoki qamoq jazosi tahdidi ostida «chet el agentlari»ning maxsus reyestrida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak edi.

Mavzuga oid
Top