21:15 / 10.03.2023
27660

Prezident 800 ming aholi uchun mo‘ljallangan Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 mart kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. 

Davlat rahbariga Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi haqida axborot berildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, istiqbolli qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan. 

Shaharcha yangi ma’muriy va iqtisodiy markaz bo‘ladi. Poytaxtimizning sharqiy qismida, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida barpo etiladi. 800 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi. 

U yerda vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, teatr, kutubxona, mehmonxonalar, turar joy binolari, bog‘lar o‘rin oladi. Xususan, yashil hududlar 363 gektarni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, prezident Samarqand viloyatida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Qayd qilinishicha, bugungi kunda binolar qurib bitkazilib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Majmua devorlari milliy naqshlar bilan sayqallanadi, naqqoshlik va xattotlik san’ati uyg‘unlashadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qur’oni karim suralari va hadislar yoziladi. 

Prezident tashabbusi bilan majmuada Imom Buxoriy muzeyi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Tadbirda ushbu muzeyning konseptual loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Muzey boy madaniy qadriyatlarimizni o‘zida jam qilish barobarida zamonaviy dizaynga ega bo‘ladi. 8 ta pavilon, xususan, Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi, hadis ilmining paydo bo‘lishi va rivojlanishi, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati, Imom Buxoriy fazilatlari, bolalar bo‘limi, «Al-jome as-sahih» - Islom dinining ikkinchi manbasi, Imom Buxoriy merosining bugungi kundagi ahamiyati, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga e’tibor kabi mavzularga bo‘linadi. 

Bundan tashqari, davlat rahbari O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaradagi «G‘ishtko‘prik» bojxona posti uchun mo‘ljallangan zamonaviy majmua loyihasi bilan tanishdi. Unda yangi terminal, avtomobil yo‘llari, avtoturargoh, oshxona, tibbiyot xonasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Prezident majmuada yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarni yaratish, bojxona nazorati va yuklarni o‘tkazish jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Taqdimotda, shuningdek, mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklari va Ozarboyjon Respublikasidagi elchixonalarining yangi binolari loyihalari haqida ham axborot berildi. 

Top