11:51 / 13.03.2023
52132

Bosimda qolgan o‘qituvchilar, «suvdan quruq chiqayotgan» maktab direktori – Yashnoboddagi maktabda nimalar bo‘lmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda 152-maktabda o‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchining videosi tarqaldi. Keyinroq pedagog bu holat uyushtirilganini yozib chiqdi. Kun.uz vaziyatni har tomonlama o‘rganish maqsadida maktabga borib, kaltaklangan bolaning onasi, o‘qituvchi bilan suhbatlashdi.

Dastlab maktab direktori Marziya Mavlonova bilan suhbatlashishga harakat qildik. Ammo direktor intervyu bermasligi uchun unga yuqoridan «buyruq» bo‘lganini ma’lum qildi. Bu muloqotga Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining Toshkent shahri bosh boshqarmasi vakili ham aralashib, holatni o‘rganishga to‘sqinlik qildi.

Vaholanki, vazirlik bergan rasmiy munosabatida ishchi guruh o‘rganayotgan nosog‘lom muhit bo‘yicha xolis axborot tarqatish kerakligi va ishchi guruh bilan birgalikda jarayonda ishtirok etish mumkinligi aytilgandi.

Shundan so‘ng o‘quvchiga dars vaqtida qo‘l ko‘targan, ammo voqea aslida boshqacha bo‘lgani haqida aytgan Gulchehra Mamajonova bilan suhbatlashdik. O‘qituvchi avvalroq yozgan posti orqali ta’kidlaganidek, o‘quvchiga qo‘l ko‘targanini, quyushqondan chiqqanini tan oldi.

«Aslida shuni ham aytib o‘tishim kerak, ijtimoiy tarmoqlarda bolani «noqobil, tarbiyasiz», deyishyapti. U bola tarbiyasiz emas, bunday deb o‘ylamayman. Uning oyisi bilan ham gaplashdim, bola endi o‘tish davrida. Baribir ayb mendan o‘tgan, buni tan olaman, haqiqatda qattiqroq tegib qo‘ydim.

O‘shanda dars tugashi bilan bola menda qolgan telefonini olishga qaytib keldi. Shunda bola bilan kelishib olgandik, onasini chaqirsa, uzr so‘rashimni ham aytgandim. Onasi bolasini urganimni bilsa, xafa bo‘lib yurmasin deb shuni aytgandim», deydi u.

O‘qituvchining aytishicha, bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin maktab direktori Mavlonova pedagogni xonasiga chaqirib, holat aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarishini aytgan. Uzr so‘rashga ham tayyor bo‘lgan pedagogni kaltaklangan bolaning onasi bilan uchrashtirmaslik uchun, tushuntirish xatini yozdirib, jo‘natib yuborishgan.

O‘qituvchi uyiga ketganidan so‘ng, maktab ma’muriyati kaltaklangan bolaning onasini ham chaqirib, bo‘lib o‘tgan ishlarni muhokama qilishgan. Ona o‘sha kuni ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bilan uchrashib, o‘qituvchining qilgan ishidan jahli chiqqanini, ammo arz qilmasligini aytib chiqib ketgan. Ertasiga esa direktorning shaxsan o‘zi yana bir bor onani chaqirtirgan.

«Tushdan keyin telefon qilishdi, direktor chaqiryotgan ekan, bordim. Maktab direktori katta joylarga yozmasdan, arizani o‘ziga yozishim kerakligini aytdi. Shundan keyin men arizani yozdim. Shunda ham o‘qituvchining ishdan olinishini so‘rab emas, qonun doirasida ish tutilishini so‘rab yozgandim.

Yana shuni ham aytishim lozim. Men bu ayolning kechirim so‘rashini 3 kun kutdim, kelmadi. Keyin bir boshqa o‘qituvchimizdan nega unday bo‘layotganini so‘rasam, asl holat boshqacha bo‘lgan ekan. Aytishlaricha, o‘qituvchi mening oldimga, uyimga kelmoqchi bo‘lgan, ammo bunga to‘sqinlik qilishgan, hatto telefon raqamimni berishmagan», deydi shaxsi sir qolishini xohlagan o‘quvchining onasi.

Onaning qo‘shimcha qilishicha, u maktab kamerasida yozib olingan videoni hech qaysi OAVga taqdim etmagan, bu borada hech kimga murojaat qilmagan.

Video tarmoqlarda tarqalib bo‘lgach holat jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida ko‘rib chiqilgan va Gulchehra Mamajonova 183-moddada nazarda tutilgan mayda bezorilik bilan aybli deb topilib, BHMning 3 baravarida jarimaga tortilgan.

Shu o‘rinda ham savol tug‘iladi: yuqorida o‘quvchining onasi bu videoni hech qaysi OAVga tarqatmaganini ma’lum qilgan. Xo‘sh, unda videoni tarmoqlarga joylashtirib, qaysidir ma’noda o‘qituvchining obro‘yini to‘kish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Qator o‘qituvchilar, shu jumladan, Mamajonovaga ko‘ra, bunda maktab direktorining qo‘li bor. Muassasada ishlab kelayotganlarning iddaosiga ko‘ra ularning aksariyati anchadan beri bunday bosimlarda ishlab keladi, ustama haqlarini ham yetarlicha ololmay kelishadi.

«2022 yil yozdan menga nisbatan bosim boshlandi. Qanday ko‘rinishda? Maktab direktori ishdan ketishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taklif qildi. To‘g‘risi, boshida bu taklif o‘zimdan chiqqandi. Chunki uy olish uchun Sergeli tumaniga ko‘chishni reja qilgandim. Bir-ikkita hamkasblarga ketaman deb aytgandim, shuni direktor eshitib qolib, dars soatlarimni kamaytirdi. O‘zim ijarada turaman, bu orada oilali ham bo‘ldim. Shunday vaziyatda menga pul kerakligini bilib, dars soatlarini kamaytirib qo‘yishdi.

O‘sha vaqtda birinchi toifada edim, maktabda 2 nafar birinchi toifali o‘qituvchi bor edi, xolos. Qolganlar bizdan pastroq toifada edi. Shunga qaramay, menga dars soatlari kam berildi, qolganlar bilan bir xil tarzda.

Orada yana toifaga topshirib, oliy toifaga ega bo‘ldim. Hozirgi kunda o‘tgan yili oktyabr oyidan beri eng yuqori toifa menda. Lekin baribir dars soatlarim boshqa hamkasblarim singari bir xil edi. Vaholanki, o‘tgan yildan boshlab toifaga qarab dars bo‘linishi kerak edi, lekin bunday bo‘lmadi. Keyin maktab direktoridan yordam berishlarini iltimos qilib so‘radim. Shunda ham yordam berishmadi.

Sinf rahbarligimda ham o‘sha vaqtlarda fond pulini yig‘ardik, maktabga har oyda 50 ming so‘mdan berardik, bola soniga qarab bu mablag‘ taqsimlanardi. Bola boshiga 2 ming so‘mdan to‘g‘ri kelardi. «Oxrana» uchun ham 30 mingdan yig‘ilardi. Endi bu yil bu narsalarni bilmayman, tanish hamkasblarim yig‘mayapti, yig‘ishayotgan taqdirda ham buni bizga bildirishmaydi. Ochiqchasiga buni bilmayman, ammo yig‘-yig‘lar bo‘layotganini eshityapman», dedi shaxsini sir saqlashni istagan maktab o‘qituvchisi.

Qayd etilishicha, ustama haqi yuzasidan 2022 yili tegishli organlar tekshiruv ham o‘tkazgan, kamomadlar aniqlangan. Buni esa Gulchehra Mamajonova va bir qancha o‘qituvchilar ham tasdiqlab, shu bilan «baloga qolib ketishgan». U bosimlardan xoli bo‘lish uchun hatto himoya orderi bilan ishlayotgani ham aytildi.

Bundan tashqari, farzandlari shu maktabda o‘qiyotgan bir qancha ota-onalar ham maktab direktori haqiqatda ham yig‘-yig‘lar qilganini tasdiqlashdi.

Kun.uzʼga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra o‘rganish ishlaridan keyin Gulchehra Mamajonova ishga tiklanadigan bo‘lgan, biroq bu borada hali rasmiy axborot berilgani yo‘q.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi,
Tasvirchi Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid
Top