O‘zbekiston | 23:57 / 13.03.2023
16089
5 daqiqa o‘qiladi

«El-yurt uchun jonini fido qilgan o‘g‘lonlarimizni «halok bo‘lgan» deyishga til bormaydi» - Shavkat Mirziyoyev 

Prezident Termiz shahridagi «Yosh chegarachilar» harbiy-akademik litseyini borib ko‘rdi. 

Davlat rahbari shu yerda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari bilan uchrashdi. Videoaloqa orqali tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar vakillari ham bog‘landi. 

Ma’lumki, mustaqillikka erishish, tinchlikni saqlash o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Xalqimiz ham ko‘p sinovli kunlarni boshidan kechirdi. Osoyishta hayotimizni izdan chiqarishga urinishlar, terrorchilik xurujlari bo‘ldi. Botir harbiylarimiz jasorat ko‘rsatib, g‘arazli kuchlarga qaqshatqich zarba bergan. Ming afsuski, bu kurashda yuzlab mard harbiylarimiz, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari halok bo‘lgan. 

Uchrashuvda prezident O‘zbekiston mustaqilligi va tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlarini yodga oldi. Dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalagan ota-onalarga, ularning umr yo‘ldoshi va farzandlariga chuqur minnatdorchilik bildirdi. 

«El-yurt uchun jonini fido qilgan o‘g‘lonlarimizni «halok bo‘lgan» deyishga til bormaydi. Ular oilasi uchun, Vatanimiz uchun hamisha barhayot», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbari harbiy xizmatchilar oilasiga e’tibor va g‘amxo‘rlik hamisha davom ettirilishini ta’kidladi. Hozirgi kunda halok bo‘lgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining 270 nafar mehnatga layoqatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olayapti. Yangi farmonga ko‘ra, pensiya miqdori 25 foizga oshirilib, 2 million so‘mga yetkazilishi aytildi. 

Bundan tashqari, muhtoj oilalarga birinchi navbatda turar joy beriladi va imtiyozli ipoteka krediti olish imkoniyati yaratiladi. Oila a’zolariga ijara to‘lovi uchun 1 million 800 ming so‘mgacha pul beriladi. Shuningdek, halok bo‘lgan xizmatchining farzandlari bog‘cha, kollej, texnikum va oliygohda bepul ta’lim-tarbiya oladi. 

Uchinchidan, oila a’zosi daromadining soliqdan ozod qilinadigan summasi 2 barobar ko‘payadi. Bu tartib xodimning farzandlariga ham tatbiq etiladi. Natijada marhum xizmatchining oilasi ro‘zg‘orida har oy o‘rtacha 700 ming so‘m qo‘shimcha pul qoladi. 

To‘rtinchidan, bundan buyon ushbu toifadagi xizmatchining oila a’zolari harbiy shifoxonalarda bepul davolanish huquqiga ega bo‘ladi va navbatdan tashqari statsionar tibbiy yordam oladi. Ularga dori-darmon va protez-ortopediya moslamalari olib beriladi, jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi. Xizmatchining ota-onasi, turmush o‘rtog‘i har yili sanatoriyda bepul davolanadi, bolalari oromgohlarda sog‘lomlashtiriladi. Ularning ota-onasi uchun yiliga ikki marta temir yo‘l va havo transportida yurish bepul bo‘ladi. 

Beshinchidan, halok bo‘lgan xizmatchilar oilasini harbiylashgan va huquq-tartibot idoralari tomonidan otaliqqa olish amaliyoti joriy etiladi. Shu bilan birga, viloyat hokimliklari tomonidan og‘ir ahvoldagi bunday oilalarga har oy 400 ming so‘m miqdorida nafaqa berib boriladi. 

Bundan buyon, agar xizmatchi o‘z burchini bajarishda halok bo‘lgan taqdirda, uning oilasiga ish haqini 150 baravari miqdorida bir yo‘la nafaqa beriladi. Ya’ni, bu nafaqa o‘rtacha 300 million so‘mdan 500 million so‘mga oshiriladi. Halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta to‘lovi 25 million so‘mdan 60 million so‘mga ko‘payadi. 

Davlat rahbari bunday mard insonlarni voyaga yetkazgan ota-onalari, farzandlari doimo yurtimiz ardog‘ida bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, «El-yurt fidoyisi» ko‘krak nishoni ta’sis etish taklifini bildirdi. Bu nishon guvohnomasi Oliy Bosh qo‘mondon tomonidan imzolanadi. Ushbu e’tirof egalari barcha imtiyozlarga ega bo‘ladi. 

«Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur», dedi Prezident. 

Davlat rahbari Vatan ozodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan o‘g‘lonlarimiz jasorati ham yosh avlod uchun ibrat ekani, ular haqida asarlar yaratish kerakligini ta’kidladi. 

«Ezgu maqsad yo‘lida birlashgan xalq va davlatni hech qanday kuch yengolmaydi. Ilohim, qahramon o‘g‘lonlarimizning oxiratlari obod bo‘lsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin», dedi prezident so‘zining yakunida. 

Mavzuga oid