10:13 / 14.03.2023
6998

Seul: Shimoliy Koreya qisqa masofali ballistik raketalar uchirdi

Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi, deb xabar berdi Yonhap. Seul BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi Pxenyan tomonidan ochiqdan-ochiq buzilganini e’lon qildi.

Foto: Reuters

KXDR mahalliy vaqt bilan soat 07:41 dan 07:51 gacha (Toshkent vaqti bilan 03:41 - 03:51) Xvanxe-Namdo provinsiyasining Changyong hududidan ikkita qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi, ular Yapon dengizi yo‘nalishi bo‘yicha taxminan 620 kilometr uchib bordi. Bu haqda 14 mart, seshanba kuni Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi xabar berdi

Uchirish Janubiy Koreya va AQSh muntazam harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaza boshlaganidan so‘ng amalga oshirildi. Ikki davlat razvedka xizmatlari sodir bo‘lgan voqeani har tomonlama tahlil qilmoqda, deya ta’kidladi Koreya Respublikasi Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi. 

«Biz Shimol tomonidan ballistik raketa uchirilishini nafaqat Koreya yarimorolida, balki xalqaro hamjamiyat darajasida tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi muhim provokatsiya akti, shuningdek, BMT rezolyutsiyasini ochiqdan-ochiq buzish holati sifatida keskin qoralaymiz», - deyiladi qo‘mita xabarida. Ular Shimoliy Koreyani bunday sinovlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. 

Koreya Respublikasi AQSh bilan mudofaa pozitsiyalaridan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazayotganini va Pxenyan tomonidan «qo‘shimcha provokatsiyalar» ehtimoli bor-yo‘qligini o‘rganishini ta’kidladi. 

Shtab boshliqlari qo‘mitasi Shimoliy Koreyaning har qanday provokatsiyalariga javoban «bosish» imkoniyatiga asoslangan holda, jangovar shaylikni saqlab qolishini ta’kidladi. 

Shimoliy Koreya 12 mart kuni mashg‘ulotlar doirasida suvosti kemasidan ikkita strategik qanotli raketa uchirdi. 

KMTA agentligi tarqatgan rasmiy hisobotga ko‘ra, Kenpo ko‘rfazi suvlaridagi suvosti kemasidan ikkita strategik qanotli raketalar uchirilgan, ular «Yapon dengizi ustidan 8-shaklida trayektoriya bo‘ylab taxminan 1500 km uchib o‘tib, nishonga tekkan».

Bungacha Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In raisligida Koreya Mehnat partiyasi Markaziy harbiy komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilgandi. 

Mavzuga oid
Top