Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rgangan amerikalik tadqiqotchilar Rossiyaning yadroviy qurilmaga ega «Burevestnik» qanotli raketasi ehtimoliy joylashuvini aniqlashdi. Bu haqda 2 sentabr, dushanba kuni Reuters agentligi xabar berdi. 

Planet Labs tomonidan olingan suratlar Vologda-20 harbiy shaharchasi hududida yadroviy kallaklarni saqlash ombori yonida joylashgan qurilayotgan obektlarni ko‘rsatadi. U Vologdadan 70 km g‘arbda va Moskvadan 500 km shimolda joylashgan. 

Tahlilchilar: Rossiya yangi raketalarni joylashtirishni boshlayapti

CNA tadqiqot tashkiloti tahlilchisi Dekera Eveletning so‘zlariga ko‘ra, rasmda to‘qqizta start maydonchasi qurilayotgani ko‘rsatilgan. Ular uch guruhga bo‘lingan va tuproq qal’alar bilan o‘ralgan. Qal’alar, Eveletning fikricha, raketaga xizmat ko‘rsatiladigan binolarga, shuningdek, yadroviy kallaklarni saqlash uchun beshta bunkerdan iborat majmuaga olib boruvchi yo‘llar orqali bog‘langan. Tahlilchining fikricha, bu joy «katta statsionar raketa tizimi uchun» mo‘ljallangan. Evelet «Burevestnik»ni Rossiyada bunday miqyosdagi yagona loyiha deb atadi. 

Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti tadqiqotchisi Jyeffri Lyuis ham xuddi shunday fikrda. «Burevestnik»ning taxminiy joylashuvi Rossiya bir qator sinovlardan so‘ng loyihani joylashtirishni boshlaganini ko‘rsatadi.

Aniq fikr yo‘q

Amerika olimlari federatsiyasidan Hans Kristensen ancha ehtiyotkor. Uning qayd etishicha, aniq baho bera olmaydi, chunki Rossiya odatda raketa uchirgichlarini yadro kallaklari saqlanadigan hudud yaqiniga joylashtirmaydi.

Evelet va Lyuisning so‘zlariga ko‘ra, «Burevestnik»ni Vologda yaqinida joylashtirish rossiyalik harbiylarga yadro kallaklari bo‘lgan raketalarni yaqin atrofdagi bunkerlarda saqlashga imkon beradi va ularni tezda uchirish uchun qulay qiladi.

Rossiya «Burevestnik»ning kamida 13 ta sinovini o‘tkazdi

Putin 2018 yilda «Burevestnik» qanotli raketasi ishlab chiqilishi haqida Federal majlisga murojaati chog‘ida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «yadro kallagini olib yuradigan, deyarli cheksiz» masofaga ega va «oldindan aniqlab bo‘lmaydigan parvoz yo‘li» bo‘lgan yashirin qanotli raketa.