13:33 / 14.03.2023
27366

Sirdaryo viloyatiga yangi prokuror tayinlandi 

Sirdaryo viloyatiga yangi prokuror tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.

O‘zbekiston bosh prokurorining buyrug‘iga asosan Savid Imatov Sirdaryo viloyati prokurori etib tayinlandi.

Adliya katta maslahatchisi Savid Imatov o‘z vaqtida Nukus shahar prokurori lavozimida ishlagan.

U amaldagi yangi tayinlovga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan. Savid Imatov bosh prokurorning 2021 yil 18 martdagi buyrug‘iga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari etib tayinlangan. 

Avvalroq Sirdaryo viloyati prokurori Sanjar Mavlonov lavozimini tark etgani xabar qilingandi.

14 mart kuni telegram-kanallarida Sirdaryo viloyat prokurori Sanjar Mavlonov jinoyat ustida qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

U Sanjar Mavlonov Bosh prokurorning shu yil 10 martdagi buyrug‘iga asosan o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgani, ayni paytda viloyat sobiq prokuroriga nisbatan hech qanday jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganini ta’kidladi.

U 2022 yilning aprelida Sirdaryo viloyati prokurori lavozimiga tayinlangandi. 

Top