Jahon | 10:17 / 15.03.2023
13192
2 daqiqa o‘qiladi

Interpol tomonidan qidiruvga berilgan shaxs Latviyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs ekstraditsiya qilindi.

Foto: IIV

Toshkent va Rigada faoliyat yurituvchi Interpol MMBning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari tufayli, ikki davlat mazkur tashkilotlarining rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida firibgarlikda ayblanayotgan xalqaro qidiruvdagi shaxs O‘zbekistonga topshirildi.

Qidiruvdagi shaxs bir necha yillar davomida jabrlanuvchi Amerika Qo‘shma Shtatlariga chiqib ketishni niyat qilganini bilib, AQShning Toshkentdagi elchixonasi xodimi sifatida o‘zini tanishtirgan va hujjatlarni rasmiylashtirish, xorijga chiqishga ruxsat olishda o‘z xizmatlarini taklif qilgan. Xizmatlari tekin bo‘lmagan. Shu tariqa, undan ancha insonlar jabr ko‘rdi. 

Qayd etilishicha, uni qo‘lga olish oson bo‘lmagan, chunki u O‘zbekistondan chiqib ketganidan keyin shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirib, xorijiy davlatning soxta pasportidan foydalangan holda, jinoiy faoliyatini davom ettirib, o‘zini hamon elchixona xodimi sifatida tanishtirib, barcha xizmatlarni ko‘rsatib, firibgarlik yo‘li bilan jabrlanuvchilarning pul mablag‘larini o‘zlashtirib olgan.

Biroq qidiruvda bo‘lgan shaxsni aniqlash bo‘yicha uzoq davom etgan jarayonga qaramay, uning chet el pasportini soxta, shaxsiy ma’lumotlarini esa haqiqiy emas deb topib, Toshkent va Riga Interpol MMBning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida huquqbuzarning shaxsi aniqlanib, qo‘lga olindi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgandan so‘ng ushbu shaxs Interpol MMB xodimlari hamkorligida O‘zbekistonga olib kelindi.

Mavzuga oid