23:56 / 15.03.2023
10328

Navalniy o‘zi haqidagi film «Oskar» olganiga munosabat bildirdi 

Rossiyalik muxolifatchining zaharlanishi haqidagi hujjatli film «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. 

Foto: AP

Rossiyaning Vladimir viloyatidagi koloniyada saqlanayotgan muxolifatchi Aleksey Navalniy o‘zining zaharlanishi haqidagi hujjatli film «Oskar» mukofotini olganiga munosabat bildirdi. 

Navalniy filmni yaratishda ishtirok etganlarga minnatdorchilik bildirdi: 

«Oskar» haqida hamma narsani eng oxirida biladigan odamdan munosabat. Kameramdagi radio odatdagidek ertalab soat 5 da yoqildi. Soat 6 da dastlabki yangilik: ular mukofotning barcha g‘oliblari haqida batafsil aytib berishdi, hujjatli filmdan tashqari albatta. Yaxshi belgi, deb o‘yladim.  

Tushlikka yaqinroq ular sudga olib borishdi. Men videoqo‘ng‘iroq qildim, advokatim qog‘oz parchasini ko‘rsatdi. «Hech narsani ko‘rmayapman», dedim. Advokat «Sizning filmingiz «Oskar»ga sazovor bo‘ldi», dedi. Shu lahzada juda g‘alati tuyg‘ularni boshdan kechirdim. 

Albatta, juda xursandman va «Oskar»ni men olmaganimni unutmaslikka harakat qilyapman. Bu juda hayajonli va ba’zan dramatik voqealar edi, lekin ajoyib jamoa ularni «Oskar»ga loyiq ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi: Deniyel Roer, Odessa Rey, Dayan Bekker, Melani Miller, Sheyn Boris va boshqa ko‘plab odamlar. Ularni chin yurakdan tabriklayman. 

Xristo Grozev (sizni quchaman, do‘stim, siz bu filmning haqiqiy yulduzisiz) va Mariya Pevchix - sizsiz bularning barchasi g‘oya darajasida ham bo‘lmas edi. 

Yuliya (turmush o‘rtog‘i) ishtirok etganingiz, qo‘llab-quvvatlaganingiz va bir necha bor suratga olish guruhini o‘ldirib qo‘yishimga ruxsat bermaganingiz uchun rahmat. 

FBK (Korrupsiyaga qarshi kurashish) fondidagi do‘stlar va hamkasblar - odatdagidek, siz hamma narsani qildingiz, men esa faqat yuzimni ko‘rsatdim.  

Va nihoyat. Takror aytaman, film meniki emas, men «Oskar»ni olmaganman va bu mukofotni kimgadir bag‘ishlaydigan holatda emasman. Ammo men o‘z hissamni qayerda bo‘lmasin, yirtqich diktaturaga va uning doimiy hamrohi – urushga qarshi turish uchun har kuni kuch topadigan halol va mard insonlarga bag‘ishlayman». 

13 mart kuni kanadalik rejissyor Daniyel Roer tomonidan The Insider va Bellingcat surishtiruvi asosida suratga olingan «Navalniy» filmi «Eng yaxshi hujjatli film» nominatsiyasida «Oskar»ni qo‘lga kiritdi. Shu yilning fevral oyida film eng yaxshi hujjatli film uchun BAFTA mukofotiga ham sazovor bo‘lgan edi. 

Top