21:58 / 15.03.2023
47852

O‘zbekiston U20 jamoasi Osiyo kubogi finaliga chiqdi

O‘zbekiston jamoasi Janubiy Koreyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda Iroqqa qarshi o‘yin kutmoqda.

Foto: Tribuna.uz

15 mart kuni U-20 Osiyo kubogida ikkinchi yarim final uchrashuvida mezbon O‘zbekiston Janubiy Koreyaga qarshi maydonga chiqdi. O‘yinning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmadi, qo‘shimcha bo‘limlarda ham darvozalar daxlsiz qoldi.

Shundan so‘ng barcha masala penaltilar seriyasida hal qilindi. Unda O‘zbekiston jamoasi darvozaboni Otabek Boymurodov o‘zini ko‘rsatdi va raqibning uch zarbasini qaytarib, jamoasining 3:1 (o‘zbekistonliklar to‘rtinchi penaltini tepishiga hojat qolmadi) hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.

Endi 18 mart kuni bo‘lib o‘tadigan final uchrashuvida O‘zbekiston Iroq vakillariga qarshi o‘ynaydi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Iroq jamoalari guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelgan, unda O‘zbekiston 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

Guruh bosqichidan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan iroqliklar chorakfinalda Eronni o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda urilgan gol evaziga mag‘lub etgan (1:0), yarimfinalda esa Yaponiyadan penaltilar seriyasida ustun kelgandi - 2:2 (5:3).

O‘zbekiston esa guruh bosqichida 7 ochko bilan birinchi o‘rinni egallagan, chorakfinalda Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, yarimfinal va 2023 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilgandi.

U-20 Osiyo Kubogi—2023
Yarim final, 15 mart, chorshanba

O‘zbekiston U-20 — Janubiy Koreya U-20 0:0
Penaltilar seriyasi — 3:1

O‘zbekiston U-20: 21.Otabek Boymurodov, 3.Abduqodir Husanov, 6.Jahongir O‘rozov, 7.Po‘latxo‘ja Xoldorxonov (23.Asad Jo‘raboyev, 21; 22.Sherzod Esanov, 67), 8.Behruz Asqarov (11.Shahriyor Jabborov, 84), 10.Umarali Rahmonaliyev, 13.Zafarmurod Abdurahmatov, 14.Abbos Fayzullayev, 15.Diyor Ortiqboyev, 17.Nodir Abdurazzoqov (19.Shahzod Akromov, 67), 20.Mahmud Mahamajonov.
Janubiy Koreya U-20: 1.Kim Chon Hun, 3.Hvan In Taek, 4.Choy Syok Hyun, 5.Park Hyun Bin (22.Mun Syon Min, 91), 7.Kim Yon Hak (17.Li Chun San, 106), 9.Li Yon Chun (18.Sun Jin Yon, 60), 10.Bae Chun Ho (2.Park Chan Vu, 53), 12.Cho Yon Kvan (13.Li Chun Jye, 91), 14.Kan San Yon, 19.Kim Hi Sun (11.Kan Syon Jin, 46), 20.Kim Ji Su.
Ogohlantirishlar: Kan San Yon (28), Jo‘raboyev (35).

Top