Sport | 20:56 / 18.03.2023
51333
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yoshlar jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi

Mamlakatimiz mezbonligida o‘tgan Osiyo kubogi U20 turniri finalida O‘zbekiston yoshlar jamoasi Iroqni mag‘lub etib, qit’a chempioniga aylandi.

Hal qiluvchi bahsda Ravshan Haydarov shogirdlarini qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga shaxsan mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham tashrif buyurgan edi.

Qiziqarli va kurashlarga boy o‘tgan to‘qnashuvning 72-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev tomonidan ishlangan penaltini Umarali Rahmonaliyev golga aylantirib stadionni larzaga keltirdi – 1:0. Bu yakuniy natijaga aylandi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston yoshlar jamoasi Osiyo chempioniga aylandi. 

Iroqqa qarshi finaldagi g‘alaba bilan O‘zbekiston o‘ziga xos trebl qayd etdi– uch xil yosh toifasida Osiyo chempioni bo‘ldi. Vakillarimiz bungacha 2012 yil o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2018 yil Xitoyda Ravshan Haydarov qo‘l ostida Osiyo kubogi U23 g‘olibiga aylangandi. Bugungi g‘alaba Haydarovga oltin dubl, O‘zbekistonga esa treblni keltirdi. Bungacha Osiyoda faqatgina 4 jamoa – Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va Iroq bunday natijaga erisha olgandi.

Osiyo kubogi U20. Final
18 mart (shanba)
O‘zbekiston U20 – Iroq U20 – 1:0
Hakam: Muhammad Nazmi (Malayziya)
Gol: Umarali Rahmonaliyev, 72 penaltidan.
O‘zbekiston U20: 21.Otabek Boymurodov, 3.Abduqodir Husanov, 6.Jahongir O‘rozov, 8.Behro‘zbek Asqarov, 10.Umarali Rahmonaliyev, 13.Zafarmurod Abdurahmatov (2.Izzatullo Po‘latov, 83), 14.Abbosbek Fayzullayev, 15.Diyorbek Ortiqboyev, 20.Mahmudjon Mahamadjanov, 22.Sherzod Esanov (17.Nodirbek Abdurazzoqov, 60), 23.Asadbek Jo‘raboyev (7.Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 60).
Iroq U20: 22.Hussayn Hassan, 4.Qadim Ra’ad Hotam, 5.Abdul Razzoq Qosim, 6.Adam Tolib, 9.Mustafo Qobil (11.Ashar Ali, 77), 10.Abdulqodir Ayyub, 16.Ali Jassim, 18.Ali Sodiq, 19.Sajjad Muhammad, 21.Haydar Abdulkarim (7. Muhammad Jamiil, 80).

Mavzuga oid