16:54 / 15.03.2023
8530

Xususiy bog‘cha va maktablar to‘lovi uchun ota-onalar 17 mlrd so‘mdan ortiq soliq imtiyozidan foydalandi

Joriy yilning 1 mart holatiga fuqarolar 2022 yil uchun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda ta’lim olish uchun yo‘naltirgan daromadlari bo‘yicha 17,7 mlrd so‘m soliq imtiyozidan foydalangan

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 9 731 nafar fuqaro jami yillik deklaratsiya topshirish orqali 15,3 mlrd so‘m daromad solig‘i summasini qaytarib olgan, 1 079 ta korxona va tashkilotlarda ishlovchi 1 698 nafar fuqaroga ish beruvchi tomonidan to‘lov manbaida 2,4 mlrd so‘mlik daromad solig‘idan imtiyoz qo‘llanilgan.

2022 yil 1 apreldan farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlariga yo‘naltiriladigan daromadlari soliq solinmaydigan daromadlar tarkibiga kiritilgan.

Soliq kodeksi 378-moddaga ko‘ra, ota-onalar tomonidan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga to‘lovlarni ish haqidan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lagan bo‘lsa, soliq imtiyozi (ish beruvchi tomonidan) to‘lov manbaida qo‘llaniladi. 2022 yilda ta’lim uchun to‘lov jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda (naqd pul, banklardagi omonat va plastik kartalardan foydalangan holda) amalga oshirilganda, soliq chegirmasi soliq organlariga jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani joriy yilning 1 apreliga qadar topshirish yo‘li orqali beriladi.

Mavzuga oid
Top