08:21 / 16.03.2023
5336

Shimoliy Koreya uzoq masofali ballistik raketa uchirdi

Shimoliy Koreyaning yangi raketa sinovi haqida Janubiy Koreya harbiylari va Yaponiya Mudofaa vazirligi e’lon qildi. Raketa Yapon dengiziga qulagan.

Foto: KCNA/Kyodo

Shimoliy Koreya 16 mart, payshanba kuni ertalab uzoq masofali ballistik raketani uchirish orqali yangi raketa sinovini o‘tkazdi, bu haqda Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi va Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi. Raketa Tokioda Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvdan bir necha soat oldin uchirilgan.

Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, raketa Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan yaqinidan uchirilgan. Janubiy Koreya milliy xavfsizlik kengashini chaqirib, Shimoliy Koreyaning raketa uchirilishini mintaqadagi tinchlikka tahdid soluvchi «provokatsiya» sifatida qoraladi. Prezident Yun Sok Yol harbiylarga mavjud rejaga muvofiq AQSh bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishni buyurganini aytdi.

Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya raketasi 6000 kilometrdan ortiq masofani taxminan 70 daqiqada bosib o‘tib, Yaponiya iqtisodiy zonasidan tashqarida Yapon dengiziga tushib, hech qanday zarar yetkazmagan. Yaponiya vazirlar mahkamasi rahbari Kisidaning aytishicha, Yaponiyada ham Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Avvalroq, 12 mart kuni Shimoliy Koreya suvosti kemasidan ochiq dengiz tomon ikkita strategik boshqariladigan raketalarni uchirdi. Uchirish Warrior Schield shartli nomi ostida so‘nggi besh yildagi eng yirik Janubiy Koreya va AQSh harbiy mashg‘ulotlari boshlanishidan bir necha soat oldin sodir bo‘ldi. Bungacha KXDR 20 va 19 fevral kunlari raketa sinovlari o‘tkazilishini e’lon qilgan edi.

2022 yilda Shimoliy Koreya 50 dan ortiq raketa sinovlari bilan har qachongidan ham ko‘proq raketa uchirdi, deya ta’kidladi Reuters. KXDRda raketa sinovlari BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan taqiqlangan.

3 yanvar kuni prezident Yun Sok Yol Koreya Respublikasi Milliy xavfsizlik boshqarmasiga «Shimoliy Koreya bizning hududiy yaxlitligimizni buzuvchi navbatdagi provokatsiyaga yo‘l qo‘ysa», 2018 yil 19 sentabrdagi Koreyalararo harbiy kelishuvni to‘xtatib turish masalasini ko‘rib chiqishni topshirdi.

Bu Shimoliy Koreyaning uchuvchisiz uchish apparatlarining Janubiy Koreya havo hududiga kirishiga munosabat bo‘ldi.

Bundan avval, 1 yanvar kuni Pxenyan yana bir bor qisqa masofali ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi, bir kun oldin esa Yapon dengizi tomon uchta qisqa masofali ballistik raketani uchirdi.

Mavzuga oid
Top