Jahon | 10:14 / 21.03.2023
8057
3 daqiqa o‘qiladi

BMT global isish bilan kurashish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi

IO‘XEG raisi insoniyat uchun yashashga yaroqli, barqaror kelajakni ta’minlash uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

Foto: skynews

Haroratning ko‘tarilishi, tabiiy ofatlar va ekotizimlarning qaytarilmas degradatsiyasi butun dunyoda inson hayoti va tabiati uchun tobora xavfli bo‘lib bormoqda, deya ogohlantiradi yetakchi olimlar BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IO‘XEG) tomonidan 20 mart, dushanba kuni chop etilgan yangi hisobotda.

Hozirgacha global haroratning xavfli chegaradan 1,5 darajadan oshib ketishining oldini olish bo‘yicha qilingan sa’y-harakatlar «iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun yetarli emas», deydi ekspertlar, lekin hali ko‘p variantlar mavjudligi ta’kidlanadi.

«Iqlim bo‘yicha samarali va adolatli harakatni joriy etish nafaqat tabiat va odamlarga yo‘qotish hamda zararni kamaytiradi, balki kengroq foyda keltiradi», dedi IO‘XEG raisi Hyoseong Li. Uning so‘zlariga ko‘ra, hisobot «ko‘proq ambitsiyali choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi va agar biz hozir harakat qilsak, baribir hamma uchun yashashga yaroqli, barqaror kelajakni ta’minlashimiz mumkinligini ko‘rsatadi».

IO‘XEG hisobotida aytilishicha, global isishni sanoatgacha bo‘lgan darajadan 1,5 daraja Tselsiyda ushlab turish «barcha sektorlarda parnik gazlar tashlamalarini sezilarli, tez va doimiy ravishda kamaytirishni» talab qiladi. Ular allaqachon pasayish bosqichida bo‘lishi kerak va 2030 yilga borib, 2015 yilgi iqlim bo‘yicha Parij kelishuvida ko‘rsatilganidek, isishni 1,5 darajagacha cheklash uchun deyarli ikki baravar kamaytirish kerak bo‘ladi. Olimlarning yozishicha, yashashga yaroqli va barqaror kelajak uchun imkoniyatlar oynasi tezda yopilmoqda.

«Iqlim bombasi sekin chiqillamoqda. Biroq bugungi IO‘XEG hisoboti iqlim bombasini qurolsizlantirish bo‘yicha qo‘llanma hisoblanadi. Bu insoniyat uchun omon qolish bo‘yicha qo‘llanma», dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish videomurojaatida.

Mavzuga oid