10:00 / 21.03.2023
5583

Donorlar konferensiyasida Turkiya va Suriya uchun 7 mlrd yevro yig‘ildi

Birgina Yevropa Komissiyasi Turkiyaga tiklanish yordami uchun 1 milliard yevro va qo‘shni Suriyaga humanitar yordam uchun 108 million yevro ajratdi.

Foto: Kun.uz

Bryusselda bo‘lib o‘tgan xalqaro donorlar konferensiyasi ishtirokchilari fevral oyida Turkiya va Suriyadagi zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 7 milliard yevro yig‘ishdi. Bu miqdor kutilganidan oshib ketdi, dedi Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen. U 20 mart, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan tadbir yakunida natijani «ajoyib» deb atadi.

«Bugun men xalqaro hamjamiyat Turkiya va Suriyadagi qayta qurish sa’y-harakatlarini kuchli qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rishdan juda mamnunman», dedi u 2023 yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida. 

Avvalroq fon der Lyayyen Turkiyaning tiklanishiga yordam berish uchun faqatgina Yevropa Komissiyasi 1 milliard yevro ajratishini aytgandi. Yana 108 million yevro, dedi u, qo‘shni Suriyaga insonparvarlik yordami uchun ketadi. Germaniya har ikki davlatdagi zilzila qurbonlarini qo‘llab-quvvatlashni ikki baravar oshirib, 240 million yevroga yetkazadi, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 6 fevral kuni sodir bo‘lgan zilzilalar Turkiya va Suriyada 50 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘ldi va bu mintaqadagi so‘nggi yillardagi eng yirik tabiiy ofatga aylandi.

«Sovuq davom etar ekan, millionlab odamlar uysiz qolib, chodirlarda yashamoqda», dedi fon der Lyayyen Bryusseldagi konferensiyada. «Biz tiklanish uchun safarbar bo‘lishimiz kerak. Uylar, maktablar va kasalxonalar eng yuqori seysmik standartlarga mos bo‘lishi kerak. Suv, kanalizatsiya va boshqa muhim infratuzilmani ta’mirlash kerak. Davlat xizmatlari va korxonalar qayta ochilishi uchun kapitalga muhtoj».

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an konferensiya ishtirokchilariga video-aloqa orqali murojaat qilar ekan, zilziladan ko‘rilgan zararni 104 milliard AQSh dollari (taxminan 97 milliard yevro) deb hisoblab, birinchi yilda mamlakatda 319 ming uy qayta qurilishini aytdi. «Hech bir davlat bunday kattalikdagi inqirozni o‘zi yengib o‘ta olmaydi, – dedi u. – Biz barcha do‘stlarimiz ushbu og‘ir kunlarda ko‘rsatgan birdamlikni hech qachon unutmaymiz».

Reuters xabariga ko‘ra, Bryusseldagi konferensiyada 400 ga yaqin xalqaro ishtirokchilar – davlatlar, mintaqaviy tashkilotlar va nohukumat guruhlar vakillari ishtirok etgan. Suriya va Rossiya rasmiylari taklif qilinmagan.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top